TDAU Samarqand filiali magistrlari Germaniyada amaliyot o‘taydi
Bugun Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali Germaniyaning “JD East” firmasi bilan shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, filial magistrlari yozda 3 oylik amaliyotni Germaniyada o‘taydi.
- Firmamiz 2016 yilda tashkil topgan, hozirda o‘nta davlat bilan hamkorlikda ish olib boradi, - dedi “JD East” firmasi rahbari Janibek Janibekov. – Biz qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilamiz, ya’ni talabalarning amaliyotini Germaniya davlatida o‘tashini tashkillashtiramiz.
- Talabalarimni xorijda malaka oshirishini istayman, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. – Sababi, rivojlangan davlatlar qishloq xo‘jaligi bizdagidan tubdan farq qiladi. Deyarli barcha boshqaruv texnika bilan amalga oshiriladi. Bizda ham qishloq xo‘jaligi taraqqiy etishi, sohaga yetuk mutaxassislar kelishi uchun bu yil 70-80 foiz magistrlar Germaniyada amaliyot o‘taydi. Keyingi yildan bakalavrlarning ham amaliyotini xorijda o‘tashni tashkil qilamiz.
Uch oylik amaliyot davomida filial magistrlari germaniyalik fermerlarning ishini o‘rganadi va kelishilgan miqdorda ish haqi ham oladi.
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali axborot xizmati.