Agrar universitet Samarqand filiali zamonaviy ta’lim muassasasi bo‘ladi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Toshkent davlat agrar universitetining Samarqandda tashkil etilayotgan filiali binosini ko‘zdan kechirib, ta’lim muassasasi to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq masalalarni mutasaddilar ishtirokida muhokama qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida universitetning Samarqand filialini tashkil etish belgilangan edi. Joriy yil 16 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash, yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida tashkil etilayotgan universitet filialiga Oqdaryo tumanidagi sobiq Samarqand agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji binolari operativ boshqaruv huquqi asosida berildi.
E.Turdimov binolarni filial faoliyati yo‘nalishlari hamda zamon talablaridan kelib chiqib ta’mirlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Filialda qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, “Aqlli qishloq xo‘jaligi” va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash rejlashtirilgan, – dedi E.Turdimov. – Shuningdek, bu yerda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar hududiy markazi ham tashkil etiladi. Binolarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, yangi inshootlar qurishda bu masalalar e’tiborga olinishi kerak. Filialni uzluksiz va yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha liniya olib kelinadi. Suv ta’minoti va oqova suv tizimni tashkil etish borasida ham yangicha yonashuv talab etiladi.
Muhokama davomida viloyat hokimi filial professor-o‘qituvchilari va talabalarga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transporti harakatini yaxshilash, Samarqand shahrining markaziy hududlaridan qo‘shimcha yo‘nalishlar tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.