Samarqandda yangi ochilgan universitet filialiga 50 gektar yer ajratiladi

Avval xabar berganimizdek, viloyatimizda Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali tashkil etilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 sentyabrdagi "Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash haqida viloyat hokimining joriy yil 21 sentyabrda 144-Q-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, mazkur filialda 2020-2021 o‘quv yili uchun bakalavrlar va magistrlar tayyorlashning ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi.

Shuningdek, o‘quv ishlab chiqarish amaliyotlarini professor-o‘qituvchilarning hamda ilmiy tadqiqotchilarning dala tajribalari va ilmiy tadqiqotlarini o‘tkazish maqsadida "Axborot maslahat markazi"ni tashkil etish uchun 50 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratiladi.

Filialga boshqa hududlardan ishga qabul qilinadigan professor-o‘qituvchilar turar joy bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz: joriy yilda ushbu filialga 515 ta qabul kvotasi ajratildi. Jumladan, bakalavr - 475 ta (95 ta davlat granti, 380 ta to‘lov-kontrakt), magistratura - 40 ta (barchasi davlat granti).

Xurshida ERNAZAROVA.