Festival doirasida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda
Kecha "Registon plaza" mehmonxonasida “Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Unda Sharq musiqasining shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni, shuningdek, Sharq xalqlarining bebaho madaniyatini asrab-avaylash va kelgusi avlodga yetkazish masalalarini muhokama qilish uchun etnomusiqashunoslik sohasi mutaxassislari, Sharq musiqasi tadqiqotchilari to‘plandi.
Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Sayfullayev ishtirok etib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
- Bu kabi ilmiy-amaliy konferensiyalar, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali doirasida 1997 yildan beri o‘tkazib kelinadi, - deydi professor Rustambek Abdullayev. - Festival nufuzi ortib borayotgani bilan bir qatorda, uning doirasidagi ilmiy-amaliy konferensiya geografiyasi ham kengayib bormoqda. Anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Fransiya, Norvegiya, Moldoviya va boshqa davlatlardan kelgan 30 nafarga yaqin olimlar ishtirok etayotgani ahamiyatlidir. Ikki kun davom etadigan anjumanda amerikalik mashhur tadqiqotchilar Devid Xebert va Jonatan Makkolum, hindistonlik Shabir Ahmad, Buyuk Britaniyadan kelgan yurtdoshimiz Raziya Sultanova va boshqalarning taqdimotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Kecha anjumanning “Tarix va meros” deb nomlangan birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya bugun o‘z ishini davom ettiradi.
To‘lqin Siddiqov.