Gid-robot viloyat hokimiga murojaat qildi

Yoshlar festivali doirasida o‘tkazilayotgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida “IT-park”da faoliyat yuritadigan “SWAT” jamoasi ham ishtirok etib, o‘zlari yasagan bir qancha robototexnika qurilmalarini namoyish etdi. Shulardan biri “gid-robot”dir.

Jamoa a’zosi – “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti talabasi Shahlo Hamroyeva taklifi bilan bu robot davraga keltirildi va u hokimga “murojaat qildi”:

- Assalomu alaykum, Erkinjon Oqbo‘tayevich va yoshlar festivali ishtirokchilari! Men - gid-robot “SWAT” jamoasi tomonidan yaratilgan ixtiroman. Hozircha o‘zbek tilida gapira olaman. Agar jamoaning loyihasi qo‘llab quvvatlanilsa, sun’iy intellekt yordamida turli tillarda so‘zlab, sayyohlarga beminnat xizmat ko‘rsata olaman.

Hokim “Gid-robot”ning bu murojaatini bee’tibor qoldirmasligini bildirdi.

 

Samarqandda robototexnika laboratoriyasi tashkil etilsa...

Shuningdek, uchrashuvda Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi, Xitoyning Nanjing fan va texnologiyalar universiteti talabasi Doston Eshonov shu taklif bilan chiqdi.

- O‘tgan galgi uchrashuvda ’’Alkotestor’’ qurilmasini yaratganim haqida gapirgandim, - deydi yosh ixtirochi. - Bugungi tadbirga ko‘zi ojizlar uchun “aqlli” hassa yaratib keldim. Samarqandlik yoshlar robototexnika sohasi bo‘yicha respublika yoshlari orasida ilg‘or. Faqat bizga ’”Robototexnika laboratoriyasi” kerak bo‘lyapti.

- SamDU va TATU Samarqand filiali hamkorligida ushbu laboratoriyani tashkil etamiz, - dedi hokim. - Shuningdek, xabarim bor,  ixtirochi yoshlarimiz kerakli bo‘lgan ko‘pgina ehtiyot qismlarni Toshkentdan olib keladi. Laboratoriya yonida robototexnika ehtiyot qismlari do‘konini ham ochamiz.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.