Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lini qanday xotirlayapmiz?

Shu kunlarda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yetuk namoyandalaridan biri, baxshi shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tavalludining 150 yilligiga Bulung‘urda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilyapti.

Shu munosabat bilan baxshi shoirning avlodlari, hamqishloqlari bugun uni har doimgidan ham ko‘proq xotirlab, yodga olyapti. Baxshi shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lini ko‘rgan-bilgan keksalar bilan ko‘p suhbatlashganman. Ana shunday tabarruk otaxonlardan biri Suyun baxshi Norbekov ulug‘ oqinni shunday xotirlaydi: “Fozil bobo bug‘doyrang, o‘rta bo‘y, gavdali kishi edi. Kichkinagina do‘mbirasini qo‘yniga solib yurardi. Baxshi shoirga bog‘liq bir voqea qalbimda muhrlanib qolgan. O‘n yoshlarda edim, u paytlarda to‘y bo‘lsa, kechqurun davraga gulxan yoqilardi, hamma gulxanning atrofini o‘rab olardi. Har bir qishloqning yigitlari navbat bilan “Chavqi” o‘yinini o‘tkazishar edi. Ular qarsak chalib, qarsak ohangiga mos ravishda kimo‘zarga qo‘shiq aytardi. Qishlog‘imizda bo‘layotgan bir to‘yda Fozil bobo ham qo‘liga do‘mbirasini olib, supachaga chiqib, “Burga” degan qo‘shig‘ini aytib bergandi. Yosh bola emasmanmi, bir eshitishdayoq bu qo‘shiqni yodlab olgandim. “Chavqi” ansamblining ishtirokchisi sifatida bu hazilomuz qo‘shiqni hali-hanuz kuylab kelaman.  

Bugun Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining nomi ulug‘lanayotgani baxshining avlodlarining ham ko‘ngliga surur bag‘ishlayapti.

- Bobomning farzandlari ketma-ket qiz tug‘ilavergach, to‘rtinchi qizining ismini Ulbo‘sin qo‘yadi, - deydi Narzulla Fozilov bobosini xotirlarkan. - Shundan keyin ham beshinchi farzandi qiz tug‘iladi. Kenja qizlariga To‘qsuluv deb ism qo‘yadi. Keyin bobom o‘g‘il nevaralarimdan birini “O‘g‘il qilib olaman”, degan qat’iy fikrga keladi. Ikkinchi qiziga: “Hayitgul, qizim, yoshim ham bir qoraga borib qoldi, hamma nevaralarimni birdek yaxshi ko‘raman, lekin shular ichidan yuragimga yaqini o‘g‘ling Narzullani o‘g‘il qilib olsam, o‘zi ham kattarib qoldi, 4 yoshga kiryapti, shunga sen nima deysan”, deydi. Onam “Bu fikringiz opa-singillarimga ham juda ma’qul keladi, ota”, deydi. Shu tariqa uch-to‘rt yoshimda mening tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomamni  o‘zgartirib, o‘zining familiyasiga rasman o‘tkazadi.

Men bobomni elas-elas eslayman. Meni otiga o‘tqazib, qayerlargadir olib borardi, davradagilarga ishora qilib, bu o‘g‘lim bo‘ladi, derdi. Do‘mbirasini olib dostonlar kuylar edi. Nari borsa, bir-ikki soat toqat qilib, keyin uxlab qolardim. Keyinchalik ham onam bizga bobom haqida turli voqealarni so‘zlab berardi.

Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining avlodlari ham bobosi tutgan yo‘ldan boryapti. Ba’zilari ijodkor bo‘lsa, barchalari ijod ahliga yaqin kishilar.

- Onam yoshligimizdan bizlarga doston, ertaklar aytardi, - deydi baxshi shoirning nevarasi, shoira Lola Sultonova. - Keyin bilsam, bu dostonlar bobomniki ekan. Bobomiz haqida onam bizga juda ko‘p voqealarni aytib berardi. Bobomning savodi bo‘lmaganligi sababli uning ko‘p dostonlarini onam yozib bergan ekanlar. Aytishlaricha, onam to‘rt-beshta qalamning uchini chiqarib, yozishga tayyorlab qo‘yar ekan, chunki bobom bir doston boshlasa, besh-olti soat to‘xtamasdan aytar ekan. Keyin hafta-o‘n kunlab safarga chiqishlari, Toshkentga borsa, bir oylab uyga kelmasliklarini maroq bilan so‘zlab berardi. Bobomning xassos shoir  Hamid Olimjonning bobosi Mulla Azim bilan bo‘la bo‘lganliklarini, ayniqsa, faxr bilan so‘zlab berardi. Dostonlaridan, poemalaridan parchalar o‘qib berib, o‘zi ham zavq olardi. Qiz bola onasidan ko‘rganlaridan o‘rnak oladi, deyishadi. Balki mening kitobga qiziqishimga ham onam sababchi bo‘lgandir. Bobomning qo‘shiqlarini, termalarini yodlashga harakat qilardim. Ertaklar, dostonlar eshitib, voyaga yetganligimiz sababli bizning ham kitobga mehrimiz bo‘lakcha.

Bobom juda bag‘rikeng inson bo‘lgan ekanlar. Shu bois bo‘lsa kerak, onamning ta’kidlashicha, uylaridan mehmon arimas ekan. Hatto folklorshunos olima Muzayyana Alaviya ham yosh bolasi bo‘lishiga qaramay, bobom kuylagan dostonlarni yozib olish maqsadida ularnikida oylab turganliklarini, yosh bolasiga birga qaraganliklarini  maroq bilan eslardi onam.  Bugun o‘zbek dostonchiligining buyuk namoyandalaridan biri bobomiz Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bilan har qancha farxlansak arziydi.

Xolboy Qosimov.