Frank-Valter Shtaynmayerning Ukrainaga tashrifi oson kechmadi
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer urush boshlanganidan beri Ukrainaga ilk bor tashrif buyurdi.
Kiyevda ko‘pchilik uni rossiyaparast siyosatchi deb biladi va bir necha oy oldin uni bu yerda ko‘rishni istamasliklarini ham ochiq aytishgan. Shtaynmayer mojaroni aniq bir xabar bilan tugatishga umid qilmoqda:
“Mening ukrainaliklarga murojaatim shuki, biz nafaqat siz tomonni qo‘llab-quvvatlaymiz, balki Ukrainani iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”.
Kiyevga yetib kelishidan oldin u Chernigov viloyatidagi bomba boshpanasida bir yarim soat vaqt o‘tkazdi: uning tashrifi chog‘ida havo hujumi ogohlantirishi e’lon qilindi.
Ukrainaning noqonuniy anneksiya qilingan hududlarida Rossiya tomonidan joriy etilgan harbiy holat bu hududlarga tinchlik keltirmadi. Kecha Zaporoje viloyatining Melitopol shahrida bomba o‘rnatilgan avtomobil FSB va telekanal binosini vayron qildi. Besh kishi jarohatlangan. Zudlik bilan tergov qo‘mitasi tashkil etilishini e’lon qilgan viloyat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, telekompaniya o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Moskva Ukrainaning janubiy jabhada Kuzemovka yaqinidagi yirik hujumini qaytarganini da’vo qilmoqda. Kiyevning bildirishicha, dushanba kuni Rossiyaning o‘qqa tutilishi oqibatida kamida 7 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, qo‘shni Donetsk viloyatida ham 19 turar-joy binosi va elektr uzatish liniyasi vayron qilingan.
Ukrainaning katta qismida hayot yanada xavfli va qiyinlashib bormoqda. Front chizig‘idan uncha uzoq bo‘lmagan Nikolayevda fuqarolar oziq-ovqat va ichimlik suvi uchun har kuni navbatda turishadi. Ko‘p uylarda elektr, suv, isitish tizimi yo‘q. Qish undan ham ayanchli kunlarni "va’da bermoqda".