Fuqarolar va yuridik shaxslarning bironta murojaati sudlarda ko‘rilmasdan qolib ketmaydi

Joriy yilning 28 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining navbatdagi plenum yig‘ilishi videokonferensaloqa orqali bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi  (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralarning joriy etilishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek, moddiy va protsessual qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi choralar joriy etilishi sharoitida qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi plenum qarori qabul qilindi.

Shuni ta’kidlash joizki, bu masala bironta xorijiy davlat, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Oliy sudlari plenumida muhokama qilinmagan va tegishli qaror qabul qilinmagan.

O‘zbekiston Respublikasi hududida 2020 yil 16 martdan boshlab koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan, davlat organlari va boshqa muassasalarning ishlash tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilishi, tadbirkorlik sub’yektlarining tadbirkorlik faoliyati, fuqarolarning erkin harakatlanish huquqlarining cheklanishi, shu jumladan, sud orqali himoyalanish huquqini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatgan maxsus choralar (karantin) joriy etildi.

Bunday choralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2020 yil 4 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi Farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika maxsus komissiyasining qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq joriy etildi.

Yurtimizda karantin joriy etilgach, sudlar faoliyati to‘xtab qolgani yo‘q. Aksincha, yuzaga kelgan murakkab vaziyat inobatga olinib, sudlarda kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlar ko‘rib kelinmoqda, boshqa ishlarni ko‘rish esa ma’lum muddatga qoldirildi.

Karantin joriy etilishi tufayli fuqarolarning sud muhokamalarida ishtirok etishiga, sud orqali himoyalanish huquqining amalga oshirilishiga ta’sir ko‘rsatdi, sudlarga hujjatlarning elektron shaklda yuborilishi ko‘paydi. Fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari borasida sudlarda ish tartibi o‘zgardi. Fuqarolarning shaxsiy va sayyor qabullarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lindi.

Albatta, bu cheklovlar vaqtinchadir. Buni barcha tushunib turibdi. Hozirgi o‘ta xavfli virus xuruj qilib turganda odamlarning sog‘lig‘ini asrab-avaylash o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tabiiyki, karantin tartibi tugagach, sudlarga murojaatlar soni keskin oshib ketishi mumkin. Bu esa sudlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda ham bunga sudlar hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni taqozo etadi.

Aynan shunday holatlar e’tiborga olinib, plenum qarori tezkorlik bilan ishlab chiqildi.

Plenum qarorining mazmun-mohiyatini qisqacha aytadigan bo‘lsak, aynan epidemiologik vaziyatlarda sudlar qanday faoliyat yuritishi qarorda o‘zining aniq ifodasini topgan.

O‘rni kelganda yana shuni takror aytish kerakki, fuqarolar va yuridik shaxslarning bironta murojaati sudlarda ko‘rilmasdan qolib ketmaydi. Bu masalada hech kimda hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas, odamlar xotirjam bo‘lishi kerak. Barcha murojaatlar qonun doirasida ko‘rib chiqiladi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi choralar joriy etilishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek, moddiy va protsessual qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida tayyorlandi.

Qonunga muvofiq jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha, ma’muriy va iqtisodiy sudlar ish yurituvida ishtirok etuvchi shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan yoki sud tomonidan tayinlangan protsessual muddatlar o‘tishi bilan u yoki bu protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini yo‘qotadi.

Shu bilan birga, karantin shartlari davrida protsessual harakatlarni amalga oshirish imkoni bo‘lmagan holda sudlar har qanday protsessual muddatlarni uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazilgan muddat sifatida qonunda belgilangan tartibda tiklash masalasini hal etishi zarur.

Sudlarning alohida e’tibori karantin shartlarining joriy etilishi, ushlab turish, qamoqda saqlash, uy qamog‘ida bo‘lishning qonunda belgilangan muddatlarini, shuningdek, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni qo‘llash muddatlarining o‘tishini to‘xtatmaslikka qaratilgan.

Shu munosabat bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar protsessual majburlov choralarini qo‘llash, o‘zgartirish yoki bekor qilish, kasalligi yoxud nogironligi tufayli jazodan ozod qilish, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish to‘g‘risidagi ishlar va materiallarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish choralarini ko‘rishi lozim.

Jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatish asoslari tegishli protsessual qonunda nazarda tutilganligi va tugal hisoblanishi bois sudlar karantin shartlari joriy etilishi munosabati bilan mazkur ishlar bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatishga haqli emas va ularni karantin shartlarida belgilangan ehtiyot choralariga rioya qilgan holda, o‘z vaqtida ko‘rish choralarini ko‘rishi, bunday choralar va protsess ishtirokchilarining ishtirokini amalda ta’minlashning imkoniyati bo‘lmaganda, ishni ko‘rishni ma’lum muddatga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi lozim.

Sudlarning qamoqdan va uy qamog‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi hukmlari, ajrimlari, qarorlari darhol ijro qilinishi zarur.

Ushbu plenum qarorining qabul qilinishi sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan ishlarni ko‘rishda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga, sudlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.

Albatta, qabul qilingan ushbu Plenum qarori nizolarni to‘g‘ri hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Zarifa AHMEDOVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.