«Gashish»li shokoladning ta’mi qanday?

Bojxona xizmati vakillari oldida giyohvandlik moddalarini noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishidek juda nozik vazifa yuklatilgan. Ular yurtimiz sarhadlariga turli yo‘llar bilan olib kirilayotgan har qanday narkotik moddalarini aniqlab, fosh etishga alohida ahamiyat qaratishadi. 

«Toshkent – AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining kontrabanda va bojxona huquqbuzarliklariga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan xuddi shunday zaharni yurtimiz hududiga yashirin olib o‘tishning oldi olindi.

Poytaxt xalqaro aeroportiga «Dehli-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab uchib kelgan fuqaro S.N ning yuklari orasida plitkali shokoladlar ham borligi aniqlandi. Bir qarashda oddiygina shokolad, uni yo‘lovchilarning olib yurishlari taqiqlanmagan bo‘lsa-da, ammo, bu safar u aeroport bojxonachilarida shubha o‘yg‘otdi. Sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazilganda, plitkali shokolad g‘ovaklari orasida mohirlik bilan yashirilgan 2,52 gramm gashish narkotik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.  

«Gashish» tuzilishi va rangiga ko‘ra, shokoladdan umuman farq qilmaydi. Shuning uchun ham maxsus asboblar yordamisiz ularni ajratish qiyin. Jinoyatchi ham aynan shularni nazarda tutgan bo‘lsa, ne ajab. Ammo, aeroport eshigiga yetganida uning rejalari chippakka chiqdi. Endi «sayyoh» yukidagi shokoladlar g‘ovagiga «gashish» qanday tushib qolganini qonun oldida aytib berishi lozim.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, aniqlangan qora-jigarrang «gashish» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.