G‘oliblar safida samarqandliklar ham bor

“Boysun bahori” xalqaro festivalida ishtirok etgan folklor ansambllarning chiqishi nufuzli hakamlar tomonidan baholanib, g‘oliblar aniqlandi.

Xalqaro ko‘rik-tanlovda o‘ndan ortiq davlatdan san’atkorlar tashrif buyurdi.  Mamlakatimizning har bir viloyatidan bittadan, jami 15 ta folklor-etnografik ansambllar g‘oliblik uchun bahslashdilar. 

Tanlovda birinchi o‘rin Surxondaryo viloyatidagi “Boysun” folklor-etnografik ansambli jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Buxoro viloyatidagi “Jondor” va Samarqand viloyatidagi “Chavqi” folklor etnografik ansambllari munosib topildi. Uchinchi o‘rinni Xorazm viloyatining “Xorazm”, Qozog‘iston Respublikasining “Qozog‘iston” va Yaponiyaning “Yapon marvaridi” jamoalari qo‘lga kiritdi.

Festivalda alohida nominatsiyalar g‘oliblariga ham mukofotlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Jumladan, “Folklor namunalarining eng yaxshi talqini uchun” nominatsiyasida Namangan viloyatining “Yallama-yorim” folklor-etnografik ansambli,  “Turli xalqlar folklor namunalarini mujassamlashtirgan jamoa uchun” yo‘nalishida belgiyalik jamoa, “An’anaviy musiqaning milliy cholg‘ulardagi eng yaxshi talqini uchun" nominatsiyasida Buyuk Britaniyalik jamoa, “Milliy folklor qo‘shiqlarining eng yaxshi sahnaviy talqini uchun” yo‘nalishida Qirg‘iziston Respublikasining “Qirg‘iziston” jamoasi, 

“Milliy an’analarning targ‘iboti uchun” nominatsiyasida Navoiy viloyatining “Yor-yor” folklor-etnografik xalq ansambli g‘olib bo‘ldi. 

Milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida Toshkent viloyatining “Ko‘zmunchoq” jamoasi birinchi, Jizzax viloyatining “Besh tosh”, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Meros” bolalar jamoasi ikkinchi, Tojikiston Respublikasining “Qoratog‘”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Belarus Respublikasining “Yaritsa” xalq jamoasi uchinchi o‘rinlar bilan taqdirlandi.