Go‘sht va sabzavot Bulung‘urning o‘zidan chiqadi

Xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashining sessiyasida tumanda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari haqida sektor rahbarlarining hisobot ko‘rib chiqildi.

Qayd etishilicha, tumanda 2020 yil dekabr oyidan 2021 yil may oyiga qadar tuman aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi tibbiyot me’yorlari bo‘yicha hisoblab chiqildi va 3 ming 968 tonna go‘sht, 20 mln. 120 ming dona tuxut, 4 ming 844 tonna kartoshka, 1 ming 863 tonna piyoz, 2 ming 422 tonna sabzi, 913 tonna guruch, 1025 tonna shakar, 848 tonna o‘simlik yog‘i, 7 ming 200 tonna unga ehtiyoj borligi aniqlandi.

– Mavjud imkoniyatlarimizni tahlil qilganimizda go‘sht, tuxum va sabzavot mahsulotlari ehtiyojimizdan bir necha barobar ortiqcha ishlab chiqarilayotgani aniqlandi va bu borada tumanimizda muammo bo‘lmaydi, narx barqarorligini saqlay olamiz, – dedi tuman hokimi B.Bahromov. – Guruchni Xorazm viloyatidan olib kelish bo‘yicha shartnomamiz bor va hozirda kerakli miqdorda zaxira qilyapmiz. Aholining un mahsulotlariga bo‘lgan talabini esa tumanimizdagi 23 ta chakana savdo korxonalari qondira oladi. O‘simlik yog‘ini ham savdo tashkilotlari Kattaqo‘rg‘on va Samarqand shaharlaridagi zavodlar va ta’minotchilardan olib kelmoqda. Shakarni Xorazmdagi zavoddan xarid qilish, shuningdek, Ukraina davlatidan keltirish choralarini ko‘rganmiz.

Qo‘shimcha ravishda, qish-bahor mavsumi uchun tuman  aholisining ehtiyojidan kelib chiqqan holda jami 3 ming 651 tonna asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxiraga jamg‘arilmoqda.

Bugungi kundu tumanda 20 ming 879 tonna mahsulotni saqlash quvvatida ega 16 ta omborxona va muzlatgichli sig‘imlar mavjud.

Bozorda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bulung‘ur dehqon bozori”da oktyabr oyi boshidan buyon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Sessiyada Oliy Majlis Senati a’zosi F.Boqiyev ishtirok etdi.