Haydovchilik guvohnomangizni almashtirdingizmi?
Bu borada mutasaddilar ayrim masalalarni nazoratga olishlari kerak. Chunki...
Uchrashuvlarda haydovchilik guvohnomasini va avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (texpasport)ni almashtirish uchun fuqarolarga sharoit yaratilmaganligi, ortiqcha to‘lovlar olinayotganligi bo‘yicha murojaat qilishdi.
Aslida “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qaroriga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:
2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha;
2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha;
2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 sentyabrgacha;
2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha.
Ilgari 2021 yil 31 dekabrgacha almashtirish majburiy edi.
Shunday bo‘lsa-da, saylovchilarning murojaatlar qanchalik asosli ekanligini bilish uchun haydovchilik guvohnomamni va avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (texpasport)ni almashtirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 1-TRIBga bordim.
Haqiqatan ham bino, uning atrofi antisanitariya holatida, guvohnomaga fotosuratga tushirish xonasiga chiqish uchun oddiy zina tashkil etilmagan, kutish zallari yoki o‘tirish uchun stullar yetarli darajada yaratilmagan.
Murojaatimdan so‘ng haydovchilik guvohnomasi uchun 192 780 so‘m, texpasport uchun 223 380 so‘m, rasmiylashtirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarga 19 000 so‘m, avtomashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun 60 000 so‘m to‘lashim kerakligini aytishdi.
Vaholanki, Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 noyabrdagi buyrug‘iga ko‘ra haydovchilik guvohnomasi berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun ham shuncha, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnomani berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda yengil avtotransport vositalari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida to‘lov undiriladi, deyilgan.
Noiloj, 495 160 so‘m to‘ladim, (vaholanki, 190+190+54+27=461 so‘m bo‘lishi kerak) va menga yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi berishdi.
Kattaqo‘rg‘onda ko‘rganlarim bilan saylovchilarning murojaatlari o‘rinli ekan, degan fikrga keldim. Qolaversa, texpasport yo‘qligi uchun vaqtincha (3 oyga) foydalanish uning o‘rnini bosuvchi hujjat berishdi. Eng qizig‘i, bu ishlarga 4 soat vaqt ketdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu holatni nazoratga olsa, ko‘plab fuqarolarga manfaatli bo‘lardi.
B.Orziqulov,
xalq deputatlari Narpay tumani Kengashi kotibiyat mudiri.