Haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar fosh etildi

Aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025 yil davomida avval haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 million so‘m pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishda yana 1200 dan ortiq (jumladan, Samarqand viloyatida 146 ta) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ushbu holat bo‘yicha Davlat xizmatlari markazining bosh mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, ularning barchasi qamoqqa olingan hamda ularning jinoiy javobgarlik masalasi hal etilgan.

Jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganida nazariy va amaliy imtihonlardan o‘ta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar haydovchilik guvohnomasini imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida xaq evaziga olib berishgan.

Jinoiy guruh ikki xil usulda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Xususan, jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 500-1000 AQSh dollari evaziga turli shaxslar orqali eski turdagi haydovchilik guvohnomasini qo‘lbola usulda tayyorlab, fuqarolarga taqdim etgan.

So‘ngra jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan DXMga qalbaki eski turdagi haydovchilik guvohnomalari topshirilishiga, o‘rniga yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.

Ikkinchi usulda jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 10 ming AQSh dollariga qadar bo‘lgan mablag‘ evaziga fuqarolarning haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lganligi to‘g‘risida hududiy YHHBlar ma’lumotnomalarini soxtalashtirib, ularga soxta QR kodli imzolarni qo‘yib, fuqarolarga taqdim etishgan.

So‘ngra jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan unga soxta QR kodli ma’lumotnomalarni taqdim etib, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishiga erishishgan.

Ikkala holatda ham fuqarolar o‘zlarining muqaddam haydovchili guvohnomalari bo‘lmaganligini bila turib, jinoiy guruh vakillaridan sotib olgan soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga go‘yoki haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotib qo‘yishganligi to‘g‘risida murojaat qilishgan.

Oqibatda 72 nafar fuqaro hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik bo‘lgan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishda yana 1200 dan ortiq (Toshkent shahrida 440 ta, Navoiy viloyatida 265 ta, Surxondaryo viloyatida 205 ta, Samarqand viloyatida 146 ta, Qashqadaryo viloyatida 33 ta, Sirdaryo viloyatida 20 ta, boshqa viloyatlarda 100 dan ortiq) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qo‘lga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan va hujjat qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning o‘zini ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.