Haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirilishi kerakmi?
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikamiz hududida 2017 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘rnatilgan tartibda milliy haydovchilik guvohnomasining yangi namunalari berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bu haqda eshitgan va bilgan fuqarolarda savol tug‘ilishi tabiiy: eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish shartmi?
Ha, shart. 2020 yil 31 dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirilishi kerak.
Negaki, eski namunadagi guvohnoma berilgan sanasi va amal qilish muddatidan qat’i nazar, ko‘rsatilgan muddatgacha yangisiga almashtirilmasa 2021 yil 1 yanvardan haqiqiy hisoblanmaydi.
Darvoqe, yangi namunadagi guvohnomaga egasining shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan.
Qanday hujjatlar talab etiladi, to‘lov miqdori qancha?
- Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun haydovchilik guvohnomasi, uning taloni hamda haydovchining fuqarolik pasporti nusxasi taqdim etilishi kerak, - deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Begzod Isayev. – Fuqaro tegishli ariza namunasini to‘ldirib, bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi.
Ayni paytda haydovchilik guvohnomasi va talonini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga viloyat IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-, Samarqand tumanidagi 2-, Oqdaryo tumanidagi 3-tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalarida almashtirish mumkin.
Bu amaliyot 2018 yil 1 iyundan tajriba-sinov tariqasida Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazida yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Past Darg‘om tumani davlat xizmatlari markazida o‘tgan davr mobaynida 7451 ta eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirilgan.
Muammo nimada?
Yuqorida ham aydik, 2021 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi barcha haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas, deb topiladi. Tabiiyki, bu haydovchilik guvohnomalari bilan avtomototransport vositalarini boshqarish haydovchilik guvohnomasisiz avtomototransport vositalarini boshqarish hisoblanadi. Bunday holda javobgarlik belgilanishi, transport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilishi ham mumkin.
Shu bois, kuniga uch yuzga yaqin fuqaro yo‘l harakati xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va talonini yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish uchun kelyapti. Bu tabiiyki, jarayon ikki gohida uch soatgacha cho‘zilishiga sabab bo‘lyapti.
Aslida, bu xizmatni nari borsa 20 minutda yakunlash mumkin. Biroq murojaat qilayotganlar soni ko‘pligi ortiqcha vaqt sarflanishiga sabab bo‘lyapti.
Bundan tashqari, bugun ro‘zg‘oridan ortmayotgan Qo‘shrabot, Paxtachi, Nurobod va Urgut tumanlaridagi haydovchi bir kun yo‘qotib, yana ortiqcha xarajat qilib yo‘l harakati xavfsizligi hududiy bo‘limlarining ro‘yxatga olish va imtihon bo‘limlariga kelib-ketadi, deysizmi? Hammasidayam imkoniyat yo‘q, albatta.
Xizmat ko‘rsatish nuqtasi ko‘paymaydimi?
- Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishni barcha tumanlarda yo‘lga qo‘yilishidan biz ham manfaatdormiz, - deydi B.Isayev.
- Ammo bu xizmat turini joylarda yo‘lga qo‘yish birgina davlat xizmatlari markazlari bilan bog‘liq emas. Bu albatta, YHXB bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Shu bois, boshqa tumanlarda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha viloyat IIB YHXBga bir necha marotaba murojaat qilganmiz. Hozir qo‘shimcha shtatimiz yo‘q, deyishyapti. Chunki, bu xizmatni amalga oshirish uchun markazga YHXning bir nafar xodimi kelib o‘tirishi shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, hozircha tegishli uskunalar yo‘qligi bois, haydovchilik guvohnomasini almashtirish bo‘yicha qo‘shimcha nuqtalar tashkil qilolmaymiz, degan mazmunda javob berilgan.
Toshkentda boru, samarqandda yo‘qmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 2019 yil 1 apreldan haydovchilik guvohnomalarini haydovchi qayerda propiska qilinganidan qat’i nazar davlat xizmatlari markazlarida almashtirishi mumkin. Ushbu xabarda qayd etilishicha, Toshkentda joylashgan 11 ta markazning 7 tasi zarur uskunalar bilan jihozlangan va ushbu markazlarda guvohnomalarni almashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Samarqandda esa ...
- Bugun viloyat IIB YHXB hamda 3 ta tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim hamda bo‘linmalari, shuningdek, davlat xizmatlari markazi Past Darg‘om tuman bo‘limida eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish mumkin, - deydi viloyat IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Hasanov. - Bizdagi hisob-kitoblar bo‘yicha viloyat bo‘yicha 470 ming kishi haydovchilik guvohnomalarini almashtirishi kerak. Bugungi kungacha umumiy hisobda 191 mingdan ko‘proq eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi yangisiga almashtirildi.
Shu bois, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlarining Nurobod, Payariq va Urgut tumanlari, Samarqand shahar bo‘limida uskuna o‘rnatish bo‘yicha yuqori tashkilotimizga murojaat qilganmiz. Biroq bu masala bugungi kungacha o‘z yechimini topgani yo‘q.
Ertaga, bir yildan so‘ng haydovchilik guvohnomasini almashtirolmagan haydovchi hujjatsiz transport vositasini boshqargan haydovchi sifatida ma’muriy javobgarlikka tortilsa, mashinasi jarima maydonchasiga qo‘yilsa, u kimdan norozi bo‘ladi? Tabiiyki, davlatdan, bugungi siyosatdan, olib borilayotgan islohotlardan.
To‘g‘ri, mutasaddilarning aytganlarida ham jon bordir. Ammo baribir odamlarimiz rozi bo‘lishi uchun davlat xizmatlari markazlarining barcha tuman bo‘limlarida haydovchilik guvohnomasini almashtirishni yo‘lga qo‘yish ShART.
Y.GADOYEV.