Hazrat Navoiyga ehtirom ko‘rsatildi

Samarqand shahrida Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida so‘z mulkining sultoni, buyuk alloma Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Keng jamoatchilik vakillari, shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar, olimlar, ta’lim muassasalarining talaba-yoshlari ulug‘ mutafakkir qoldirgan adabiy meros, ijodining umrboqiyligi, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyatini e’tirof etishdi.

Samarqand davlat universiteti olimlari A.Muhammadiyev, E.Musurmonov, viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev Alisher Navoiyning nafaqat o‘zbek milliy adabiyoti, balki jahon adabiyotidagi o‘rni, o‘zining ijodi, insoniy g‘oyalari bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgani, tilshunoslik ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi.

– Navoiy bobomizning ijodi yoshlar uchun ezgulikni tarannum etuvchi buyuk maktabdir, – deydi SamDU dotsenti Erkin Musurmonov. – “Sabbai sayyor”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi asarlarida ushbu g‘oyalar o‘rtaga tashlangan. Bobomizning qoldirgan adabiy meros uni o‘qigan va uqqan har bir kishini komillikka eltadi.

Tadbir davomida Samarqand viloyat drama teatri aktyorlari tomonidan Navoiy ijodi sahna ko‘rinishlari ijro etilib, haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

Bahriddin XONKELDIYeV.