Hisobotlar yuzasidan e’tirozlar bildirildi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.
Kun tartibiga muvofiq, dastlab davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi bo‘yicha viloyat 3-sektorida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Abduhamidovning hisoboti eshitildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda 3-sektor hududidagi jami 63 ta ob’yektda qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Mazkur ob’yektlarning salmoqli qismi, ya’ni 42 tasi maktab. Shuningdek, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi ob’yektlar mavjud. Bugungi kunda ob’yektlar bo‘yicha loyihachilar aniqlanib, loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olinmoqda, ayrimlarida qurilish tashkilotlari ham aniqlangan.
Muhokama jarayonida belgilangan qurilish-rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishda loyihachi va qurilish tashkilotlari mas’uliyatini oshirish, ishlar o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.Xudoyqulov ushbu yo‘nalishda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023 yil bahor mavsumida 10 million 364 ming tup (101,5 foiz), kuz mavsumida esa 7 million 323 ming tup ko‘chat ekilgan. Joriy yil bahorgi mavsumda viloyat hududida 10,2 million tup manzarali, mevali va buta ko‘chatlari ekish manzilli dasturi tasdiqlangan va shu paytgacha 2,5 million tup ko‘chat o‘tqazilgan.
O‘tgan yil o‘rmonzor va butazorlar maydonini kengaytirish, yerlarni eroziyadan va meliorasiya ob’yektlarini qum ko‘chishidan saqlash, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish, foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan yer maydonlarini rekultivasiya qilish, biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni kengaytirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish yo‘nalishlarida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Ammo, deputatlar olib borilayotgan ishlar kutilgan samarani bermayotganini qayd etib, boshqarma va uning tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt ko‘chatlarining aniq hisobini yuritish, ularni parvarishlash, suv va havo ifloslanishining oldini olish uchun ta’sirchan choralarni kuchaytirish, chiqindilarni to‘plash, olib chiqish va qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i A.O‘roqovning hisoboti tinglandi.
Deputatlar boshqarma boshlig‘ining viloyatdagi avtomobil yo‘llarida o‘rnatilgan yo‘l belgilari va chiroqlar, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilgani, umumiy uzunligi 35 kilometr yo‘llarda qurilish va rekonstruksiya ishlari, 222 kilometrida esa joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani, bu yil esa 298 kilometr umumiy avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash belgilangani haqidagi ma’lumotlarini eshitish barobarida ushbu yo‘nalishdagi ishlar bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etdi.
Ayniqsa, "Samarqand-Toshkent" avtomagistralining Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridan o‘tgan qismi bugun yaroqsiz holatga kelib, haydovchi va yo‘lovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. A.O‘roqov esa qurilganiga qirq yildan oshgan bu yo‘lning asosi bugungi kun talablariga javob bermasligi, uni har yili ta’mirlagandan ko‘ra, rekonstruksiya qilish lozimligini bildirdi. Va bu ish yaqin ikki yilda investitsiya dasturi asosida bajaralishi mumkinligini aytdi. Ammo deputatlar bu ishni tezlashtirish uchun Kengash tomonidan respublika avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga murojaat qilishga qaror qildilar.
Shuningdek, deputatlar boshqarmaga yo‘llangan so‘rovlarga ham o‘z vaqtida javob berilmayotgani va bir qator yo‘llarning sifati yuzasidan boshqarma boshlig‘idan izoh so‘radilar.
Sessiyada Urgut tumanidagi Nisbot, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Jumaboy, Qo‘shrabotdagi Chorloq, Ishtixondagi Ko‘tarma, Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on, Toyloqdagi Jumabozor va Paxtachi tumanidagi Hunarmand mahallalarining bosh rejalari va unga tutash mahallalarning shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari tasdiqlandi.
Shuningdek, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimot materiallarini ko‘rib chiqish va mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risidagi, xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.