Hokim tadbirkorlarni halol ishlashga chaqirdi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning tadbirkorlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda hokim mamlakatimizda 2019 yil 1 yanvardan amaliyotga joriy etilgan soliq tizimidagi yangiliklar va kiritilgan oʻzgarishlar, qoʻshilgan qiymat soligʻi joriy etilishining zarurati haqida fikr bildirdi.

– Yangi soliq tizimida tovar aylanmasi 3 milliard soʻmdan oshgan korxona 20 foiz miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashi belgilangan, – dedi E.Turdimov. – Dunyoning koʻplab davlatlarida shu amaliyotdan foydalaniladi. Lekin bu tadbirkorga aylanma mablagʻini noqonuniy yoʻl bilan boʻlsa-da, 3 milliard soʻmdan ortiq qismini yashirishi kerak, degani emas. Bu mamlakatimizda yangicha soliq tizimi boʻlgani uchun hozircha 20 foiz qilib belgilandi, keyinchalik albatta, bu stavkalar bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Buning uchun viloyatimizdagi 23 mingdan ortiq tadbirkorlik subʼyekti ish oʻrinlarini toʻgʻri koʻrsatib, “konvert“ usulida ish haqi berishni toʻxtatib, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashga oʻrgansa, barchamiz uchun soliq yuki ancha yengillashadi. 

Taʼkidlandiki, 2019 yil 1 yanvardan tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshgan korxonalar 4 foiz yagona soliq stavkasini, 100 million soʻmdan oshmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar qatʼiy belgilangan soliq toʻlaydi. Tovar aylanmasi bir milliard soʻmdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan tartibda toʻlaydi.

Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sh.Ahmedov 2019 yilga belgilangan soliq stavkalariga kiritilgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Viloyat prokurori F.Zufarov soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun olib borilgan islohotlar, barcha tekshiruvlarga qarshi moratoriy qoʻyilgani, shunda ham ayrim tadbirkorlar faoliyatida ish oʻrinlarini yashirish va soliqlardan qochish holatlari kuzatilgani, bu hol 2019 yilda ham davom ettirilsa, qonuniy jazolar qoʻllanilishini taʼkidladi.

Oʻktam XUDOYBERDIYEV.