Hokim yordamchilari nima bilan shug‘ullanyapti?
Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida hokim yordamchilari ishtirokida 421 628 nafar aholining bandligi ta’minlangan. Shundan, 203397 nafar aholi o‘zini-o‘zi band qilgan, 213742 nafari doimiy va mavsumiy ishga, 4489 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga joylashtirilgan va 3930 nafari hunarmandchilikka jalb etilgan.
13190 nafar fuqaroni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va 19974 nafarini yer maydoni ajratish orqali bandligi ta’minlangan.
Shu yilning o‘tgan davrida har bir mahallada 30 tadan mikroloyiha ishga tushirish vazifasi belgilangan bo‘lib, hokim yordamchilari tomonidan “Online-mahalla” platformasiga 33898 ta mikroloyiha kiritilgan. Shundan 31787 ta mikroloyihalar ishga tushirilishi natijasida 2,1 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 50302 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4882 nafar fuqaroga 29,3 milliard so‘m subsidiya berilgan. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 31,2 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga 510 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan.