Hunarmandlar ishi to‘xtab qolgani yo‘q
Yurtimizda karantin cheklovlari e’lon qilingan dastlabki kunlarda Prezidentimiz “Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga, albatta, munosib hissa qo‘shadi», degan gaplari uyushmamizga a’zo hunarmandlarni ruhlantirdi. Natijada, mana, salkam ikki oydirki, ular uyida o‘tirib, muntazam hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqda, yoshlarga hunar sirlarini o‘rgatmoqda va ro‘zg‘origa daromad keltirmoqda.
- Pandemiya sharoiti faoliyatimizni biroz cheklagani bor gap, ammo uyda bo‘lsak-da ishlimiz, daromad qilyapmiz, - deydi O‘zbekiston xalq ustasi, kulol Xolmahmat Ismatillayev. – O‘tgan vaqt davomida qariyb 8 million so‘mlik kulolchilik mahsulotlari yasadim. Uyda qolganim ko‘pdan beri o‘ylab yurgan yangi uslub - musavvirlik san’ati va sopolchilik kasbini uyg‘unlashtirishni sinab ko‘rish imkoniyatini berdi. To‘g‘ri, ming yillar davomida Samarqand kulollik maktabi tarixida an’anaviy chizma uslublaridan foydalanilgan. Biroq noan’anaviy usullar, ya’ni naqshlar va tasvirlar bilan ishlov berish uslubi yangilik edi. Buni amalga oshirishda farzandlarim, nevaralarim ham birdek harakat qilishdi: biri sopol idish yasadi, biri yuqori issiqlikda quritdi, biri turli shakldagi surat va naqshlar soldi. Shuningdek, uy sharoitida mahallamizda yashovchi to‘qqiz nafar yoshga kulolchilik sirlarini o‘rgatyapman.
Xolmahmat aka kabi tajribali ustalarimiz sa’y-harakati tufayli 2020 yil 15 may holatida uyushmamizga 308 hunarmand a’zolikka qabul qilindi va jami a’zolarimiz 2172 tani tashkil qilmoqda. Quvonarlisi, ularning 909 nafari yoshlar. Bunday deyayotganimga sabab bor: avval shunday holat yuzaga kelgandiki, ayrim hunarmandchilik turlari bo‘yicha shug‘ullanuvchi hunarmand barmoq bilan sanarli va keksa edi. Bu esa o‘sha hunarning davomchisi yo‘qligi bois yo‘qolib ketish xavfi ko‘pchilikni tashvishlantirar edi. Agar mavjud hunarmandlarning o‘rtacha yoshi avval 48-50 yosh bo‘lgan bo‘lsa, endilikda o‘n yetti-yigirma yoshli yigit-qizlarning hunarmandlar etagidan tutgani, sohaga qiziqish ortgani bois ularning o‘rtacha yoshi 40 yoshni tashkil etmoqda. Buni ayni kunlarda “Usta-shogird” an’anasi asosida yigirmadan ziyod hunar turlari bo‘yicha 643 shogird muntazam shug‘ullanayotganidan ham yaqqol bilish mumkin.
Ayni karantin davrida Urgut tumanidagi G‘o‘s qishlog‘ida kashtado‘z Mavluda Hamdamova, Samarqand tumani Yuqori Turkman mahallasida yashovchi musiqa asboblari ustasi Bobomurod Haydarov, Ishtixon tumani O‘zbekiston mahallasida yashovchi quroqchilik ustasi Rahima Hakimova uyida yoshlarga o‘z hunar sirlarini o‘rgatmoqda.
Karantin davrida hunarmandlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham to‘xtab qolgani yo‘q. Ya’ni, 2020 yil davomida hunarmandchilikni rivojlantirish dasturiga ko‘ra viloyatimizda 835 ta loyihani amalga oshirish, buning uchun 849 hunarmandga 30 milliard 365,4 million so‘m imtiyozli bank kreditlari ajratish va 2091 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda imtiyozli bank kreditlarini rasmiylashtirib, faoliyat olib borayotgan hunarmandlar 422 nafarni tashkil etmoqda va ular 14 milliard 499 million so‘m miqdorida mablag‘ bilan ta’minlandi. Natijada 954 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Yana bir gap. Samarqand shahar Bunyodkor mahallasida yashovchi yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov bugungi kunda uyida yoshlarga o‘z hunari sirlarini o‘rgatish bilan birga “Yog‘och o‘ymakorligi muzeyi”ni tashkil etmoqda. Hademay u yerda o‘zining 15 nafar shogirdi bilan faoliyat boshlaydi.
Umid HAKIMOV,
“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.