Hunarmandlarga subsidiya ajratilyapti(mi?)
Urgut tumanida hunarmandlar ko‘p, ammo shu paytgacha ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lmagan. Keyingi yillarda qabul qilinayotgan qarorlar, yaratilayotgan imkoniyatlar ularning safini kengaytirish bilan birga har birining ro‘zg‘origa mo‘may daromad keltirishi uchun xizmat qilyapti.
Besh yilda besh baravar ko‘paydi
Bundan 5-6 yil ilgari tumanda faoliyat yuritayotgan ustalarning bor-yo‘g‘i 51 nafari “Hunarmand” uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Bugungi kunda a’zolar soni 250 nafardan oshdi.
Urgutda faoliyat yuritayotgan hunarmandlarning aksariyati uyushmamizga a’zo bo‘lmasdan, norasmiy ish bilan band bo‘lib kelgan, - deydi uyushmaning tuman bo‘limi raisi Hamroz Xolmirzayev. – Ayrimlari esa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida bir qator qiyinchiliklarga duch kelib, mehnat qilayotgan edi. Keyingi paytlarda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lganlar uchun mavjud imtiyozlar to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilishi yaxshi natija beryapti.
Oddiy tikuvchilik qilib, oyiga ming dollar topish mumkin
Buni tumanning Quyi Tegana mahallasida yashovchi hunarmand ayol Fotima Eshimova eplayapti. U faoliyatini bundan 16 yil avval oddiygina tikuv mashinasi bilan boshlagan. Hozirda esa 10 dan ziyod zamonaviy dastgohi bor.
- Bir kunda 200 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha topaman, - deydi u. – Ba’zida buyurtmalar ko‘payib, shogirdlarim yordam qiladigan bo‘lsa kunlik daromad 800 ming so‘mga yetadi. Shogirdlarimning ham qo‘lini quruq qo‘ymayman. Oddiy tikuvchilikning orqasidan oyiga ming dollar atrofida pul topyapman. Bugungi kunda 20 dan ortiq shogirdimga tikuvchilik sirlarini o‘rgatishga harakat qilyapman. Ularning menga yordam bergani foyda, o‘zlariga esa tikuvchilik sirlarini o‘rgangani.
Fotima Eshimova hunarmandlar uchun berilayotgan imtiyozlardan oqilona foydalanishga harakat qilyapti.
- Mahallamizdagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan 33 million so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi, - deydi F.Eshimova. – Natijada eng zamonaviy tikuv mashinalarini sotib oldim. Shuningdek, "Hunarmand" uyushmasi a’zosi bo‘lish uchun ro‘yxatdan o‘tish va badal pulini qoplash maqsadida subsidiya mablag‘i ham ajratildi.
Qaror ijrosi qay darajada
Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hunarmand Ramziddin Aliboyev 2023 yilda xom ashyo sotib olish uchun subsidiya mablag‘i ajratilishini so‘rab tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan, ammo...
- Vazirlar mahkamasining tegishli qarori asosida tuman hunarmandlari uchun subsidiyalar ajratilyapti, - deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Tillayev. – 2023 yilda 15 nafar fuqaro “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlarini qoplab berish uchun subsidiya mablag‘i ajratilishini so‘rab murojaat qilgan. Barchasining murojaatlari qanoatlantirilgan. Faqat bir nafar hunarmand Ramziddin Aliboyevning xom ashyo sotib olish uchun subsidiya mablag‘i ajratilishini so‘rab qilgan murojaati bo‘yicha ishlar hali oxiriga yetmadi. Uning arizasi “skoring”dan o‘tgan va hozirda to‘lov jarayonida turibdi. Hunarmand tomonidan so‘ragan subsidiya mablag‘i bir hafta ichida ajratilishi ko‘zda tutilgan.
10 kilogramlik libos tayyorlanishiga 2 oy vaqt sarflangan
Yana bir urgutlik hunarmand Shoira Muxtorova o‘tmish va zamonaviylik uyg‘unligidagi milliy liboslarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. U shu paytga qadar 200 nafardan ortiq shogirdiga ustozlik qilgan. Yaqinda hunarmandning shogirdlaridan biri ustozi yordamida tayyorlagan ayollar libosining og‘irligi 10 kilogram tosh bosibdi.
- Bu libosni tayyorlash uchun shogirdim 2 oy vaqt sarfladi, - deydi Shoira Muxtorova. – Zamonaviy ko‘rinishdagi mazkur libos qadimiy toshbosma usullaridan foydalanib, qo‘l mehnati orqali tayyorlangan. Ayni paytda menga shogirdlikka tushgan 20 nafarga yaqin xotin-qizning barchasi qiziquvchan, shijoatli va sabrli. Ularning safini yanada kengaytirish uchun harakat qilyapman. Shu paytgacha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandim. Yaqinda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘ldim. Buning qulayliklari ko‘p ekan. Soliqlardan ozod bo‘ldim. Shogirdlarimni ko‘paytirsam qo‘shimcha imtiyozlar berilar ekan. Shu yil shogirdlarimning safini 2 baravarga ko‘paytirishni maqsad qilganman. Buning uchun xom ashyo kerak bo‘ladi. Xom ashyo sotib olish uchun esa subsidiya ajratilishi yana bir imkoniyat.
Bugungi kunda tumanda “Hunarmand” uyushmasi a’zolari 251 nafarni tashkil etib, ular mingdan ortiq shogirdlarga ustozlik qilyapti. 2024 yilda a’zolar sonini 500 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shunda ular tarbiyalaydigan shogirdlar ham 2 ming nafardan oshadi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Feruza MAMATQULOVA,
Husan ELTOYeV.