Ibratli voqea: Haqiqiy do‘st

Bir kishi biroz pulga muhtoj bo‘lib qoldi, do‘stidan yordam olish maqsadida uning uyiga borib, eshigini taqillatdi...

Do‘sti chiqib, u bilan ko‘rishdi, uyga taklif qildi. Ammo u kishi rad etdi:

- Meni kechir, bu taklifingni hozircha qabul qilmayman, vaqtim ziq. Bir kishidan 100 ming so‘m qarzdor edim, bugun kelib, pulini qistadi. Qo‘limda pul yo‘q. Shuning uchun sening oldingga keldim, yordam qilarsan, deb umid qilaman, - dedi.

Uy egasi darhol ichkaridan 100 ming so‘m olib chiqib, do‘stining qo‘liga berdi.

- Do‘stim, biror narsaga muhtoj bo‘lib qolsang, mendan yashirma, qo‘limdan kelgancha yordam berishga tayyorman, - deb uning ko‘nglini ko‘tardi.

Do‘sti xursand bo‘lib, xayrlashdi va shoshgancha uyiga qaytdi.

Haligi kishi do‘sti qaytib ketgandan keyin yig‘lab uyiga kirdi. Xotini «Erim ko‘p pul berib yuborganiga pushaymon bo‘lib yig‘layotgan bo‘lsa kerak», deb eriga:

- Biror narsani bahona qilib, pul bermasdan qaytarib yuborsangiz bo‘lmasmidi, - degan edi. Eri shunday javob berdi:

- Yo‘q, sen o‘ylagancha emas, do‘stim pulga muhtoj bo‘lib qolganini bilmaganimdan. U kelib so‘ramasdan oldin o‘zim borib, «Do‘stim, biror narsaga muhtojmasmisan, tortinma, ayt», deb so‘rashim kerak edi, g‘aflatda qolganimga achinib yig‘layapman.

Manba