Ibratli voqea: Kiyim narxi ming dirham, sharmandalik ikki hissa qimmat
Bashang kiyinib olgan kishi bozorda aylanib yurib, yog‘ sotadigan ayolga duch keldi.
- Ey sen, nima sotyapsan? - dedi.
- Yog‘ sotyapman, janob, - dedi ayol.
- Ko‘rsatginchi! – dedi haligi kishi.
Ayol boshidagi yog‘ idishini tushirayotganida u kishining chiroyli kiyimining ustida bir necha tomchi sachradi. G‘azabi kelib: “Ey ayol, aqling joyidami? Libosimni rasvo qilding! Pulini to‘lamaguningcha, joyimdan jilmayman!” dedi.
- Kechiring, janob, - dedi sotuvchi. - Bexosdan bo‘ldi. Men bir miskin ayolman. Qanday to‘layman?
- Bu meni qiziqtirmaydi, to‘lamaguningcha ketmayman!
- Qancha turadi, kiyimingiz?
- Ming dirham!
- Shuncha pul menda nima qilsin?
- Buyog‘i bilan ishim yo‘q! To‘laysan, vassalom!
- Rahmingiz kelsin, janob. Meni sharmanda qilmang!
U kishi ayolga dag‘dag‘a, janjal qilayotganini eshitib bir yigit keldi. Ayoldan so‘radi. U voqeani aytib berdi.
- Men beraman, o‘sha mablag‘ni! - dedi va ming dirham berdi. Kishi bittalab sanab olib, ketishga shaylangandi.
- Ko‘nglingiz joyiga tushdimi, - deya so‘radi yigit undan.
- Nima demoqchisan? – yana qo‘pol gapirdi bashang kiyingan kishi.
- Kiyimning pulini oldingizmi, deyapman, - dedi yigit.
- Ha!
- Kiyim qani?
- Nima?
- Sizga kiyimlaringizning pulini berdik. Egningizdagini esa sotib oldik. Bizga bering, endi!
- Yalang‘och ketamanmi?
- U yog‘i bilan ishim yo‘q.
- Kiyimni bermasamchi?
- Unda pulini bering!
- Ming dirham-a?
- Sizga bergan narxni so‘ramayapmiz!
- Ming dirham, berding-ku?
- Uni ikki ming dirhamga sotamiz.
- Juda ko‘p-ku.
- Qimmatlik qilsa, marhamat, xohishingiz. Kiyimni bering!
- Meni sharmanda qilmoqchimisan?
- Biroz oldin siz ham bu ayolni sharmanda qilmoqchi edingiz-ku.
- Bu - zulm, - dedi bashang kiyingan kishi.
- Zulm haqida siz gapiryapsizmi?! – dedi yigit.
Kibrli kishi xijolat bo‘lib, boshini egdi. Pulni yigitga qaytarib, ayolni kechirdi.
Yigit u pullarni ayolga hadya qildi.
Voqea guvohlari yigitni duo qilishdi.