Ibratli voqea: Oson buzilgan an’ana
Ikrom amaki shu yili elga osh berib o‘g‘il uyladi, to‘y qildi. Qizlaridan-ku, ko‘ngli to‘q: ikki-uch yil oldin o‘zlaridan tinishgan.
Shunisiga ham shukur qiladi.
Ayoli bilan endi farzandlari rohatini ko‘raman, deb turganda boshiga musibat tushdi: ayolini berib qo‘ydi...
Nima qilsin - bandalik... Ayoli ham saodatli xotin ekan shu yil ramazon kirishi bilan qazo qildi.
...Yaqinda o‘g‘li mahalla guzari yonida Ikrom akani dazmollanmagan ko‘ylakda ko‘rib qoldi. Esini taniganidan beri otasini dazmolsiz kiyimda ko‘rmagani uchunmi, negadir bu o‘g‘ilga erish tuyildi.
O‘g‘il xunob bo‘lib uyga keldi. U choyga o‘tirgan vaqtda gap orasida kelindan so‘radi:
- Dadamni guzar yonida ko‘rdim.
- Ha, ish bilan ketyapman, deb chiqib ketdilar.
- Kiyimlari dazmolsiz...
- Haligi, dazmol o‘lgur ishlamay qolibdi, shunga...
- Onam rahmatlining o‘ttiz yildan beri biror marta buzilmagan dazmoli senga kelib ishlamay qolibdi-da.
Kelin mum tishladi...
G‘anisher HAQNAZAROV.