Ibratli voqea: Saodatli intiho yoxud havas yig‘isi
Hikoya bugungi kunimizda, Toshket shahridagi shifoxonalardan birida bo‘lib o‘tgan.
Ittifoqo, shifoxonaga davolanish uchun kelgan ikki kishi bir xonaga joylashibdi. Ulardan biri yoshi o‘tib qolgan rus millatiga mansub kishi, ikkinchisi o‘zbek yigiti.
Ikki bemor bir xonada davolana boshlaganlar. Oradan bir muddat o‘tgandan so‘ng rus kishi o‘zbek yigitdan:
- Nima uchun seni ko‘rgani juda ko‘p odamlar kelishyapti, - deb so‘rabdi.
- Biz musulmonmiz. Dinimiz bemorlarni ziyorat qilishga, ulardan hol so‘rashga chaqirgan va bu ish uchun savob berilishi yozilgan, - debdi yigit.
- Menimcha, boshqa musulmon bemorlardan ko‘ra sening huzuringga ziyoratchilar ko‘proq kelyapti, - debdi rus bemor.
- Mening diniy ilmim bor, shogirdlarim ham kelishyapti, - debdi yigit.
Shu suhbatdan keyin ularning orasida savol-javoblar, so‘rab-surishtirishlar bo‘lib turibdi. Rus bemor o‘zini qiziqtirgan savollarga qoniqarli javoblar olibdi. O‘zbek yigiti unga Islom dini haqida bilganlarini aytib beribdi.
Ko‘p o‘tmay, rus bemor musulmon bo‘lish istagini bildiribdi. Alloh taolo unga shahodat kalimalarini nutq qilib, mo‘min-musulmon bandalardan bo‘lish baxtini ato etibdi.
Fursati yetganda namoz o‘qishga tayyorgarlik ko‘rilibdi. Yigit rus kishiga kerakli ma’lumot va ta’limotlarni taqdim qilibdi. Tahoratlar olinib, joynamozlar solinibdi.
Ular namoz o‘qib boshlashibdi. Takbiri tahrima aytilib, quloq qoqilibdi. Qiroat qilinib, ruku’ga, so‘ngra sajdaga ketilibdi. Imom sajdadan keyingi rak’atga turibdi. Ammo rus kishi turmabdi. Yigit namozini shoshib o‘qib qarasa, rus kishi jon taslim qilgan ekan...
Bu hikoyani bizga aytib berayotgan ibodati, taqvosi bilan tanilgan inson "jon taslim qilgan ekan" degan iborani aytishi bilan ko‘zidan duv-duv yosh to‘kib, yig‘lab yubordi. Bu yig‘i oddiy yig‘i emas edi. Bu yig‘i yig‘ilarning ichida tengi yo‘q yig‘i edi. Bu yig‘i havas yig‘isi edi. Ha, bu ota-bobosidan tortib, mustahkam e’tiqodli, bardavom ibodatli sulola farzandning yangi musulmon bo‘lgan, Robbiga birinchi sajda qilish jarayonida jon taslim qilgan saodatmand insonga havas qilib yig‘lashi edi.
U o‘sha umridagi birinchi sajdasi paytida Robbiga jon taslim qilgan, abadiy saodatga aniq ishongan keksa yoshdagi yangi din qardoshiga havas qilib yig‘layotgan edi.
Ha, Islom ana shunday ajoyib din. Insonlarga ikki dunyo saodatini taqdim qiladigan din. Faqat insonlarning o‘zlari bu dindan bexabar qolib, baxtidan mosuvo bo‘ladilar, xolos. Yuqorida keltirilgan hikoya uni aytib bergan kishining yig‘isi bilan qo‘shilib, menda katta taassurot qoldirgan birinchi hikoya edi.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.