Ichki ishlar xodimlarini chalg‘itmoqchi bo‘lgan shaxslarning siri ochilib qoldi

Ayni vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan koronavirus infeksiyasining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Infeksiyaning tarqalib ketishiga qarshi har bir viloyat, tuman, shaharlarning kirish chiqish qismlarida blok-postlar tashkil etilgan.

Xususan, G‘allaorol tumani hududida joylashgan “Sangzor-15” blok-postida ham karantin qoidalarining amal qilinishi bilan bog‘liq profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shunday sharoitda fuqarolardan so‘raladigani uyida qolishi va belgilangan qoidalarga amal qilish, xolos. Biroq karantin qoidalarini mensimasdan, ichki ishlar xodimlariga chap berib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolganlar ham afsuski yo‘q emas.

Demoqchi bo‘lganimiz, G‘allaorol tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari “Sangzor-15” postida “Jizzax-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Sharof Rashidov tumani, Samarqand mahallasida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan L.B. boshqaruvida bo‘lgan “HYUNDAI PORTER II” yuk avtoulovini to‘xtatib tekshirilganda, 46 dona polietilen qoplarda hujjatlarsiz, 2300 kilogramm “Ammofos” mineral olib ketilayotgani aniqlandi.

Fuqaro L.B. ichki ishlar xodimlariga mineral o‘g‘itni Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi savdo do‘konidan xarid qilganini bildirdi. Xarid cheklari yashash uyida qolganligi haqida ko‘rsatma berdi.

Ushbu holat bo‘yicha viloyat IIB JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari o‘tkazilganda bir qancha qonunbuzilish holatlari yuzaga chiqdi.

Ya’ni, fuqaro L.B. mineral o‘g‘itning 12 ta qopini Sharof Rashidov tumani, Samarqand mahallasida istiqomat qiluvchi 1992 yilda tug‘ilgan “Baraka Ruslanbek” fermer xo‘jaligi raisi A.R.dan sotib olgan.

Surishtiruv davomida yuk mashinasidagi 1400 kilogramm mineral o‘g‘it Jizzax shahar, Olmazor mahallasida istiqomat qiluvi M.S.ga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro M.S. ushbu mineral o‘g‘itlarni Paxtakor tumanidagi “Birlik uchquni” hamda “Farrux paxta-g‘alla” fermer xo‘jaligi raislaridan xarid qilgan.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan viloyat IIB JQB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.