Ijaraga berilgan yer maydonini sotgan urgutlik fermerga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan Urgut tumanida yashovchi H.A. (ayol kishi)ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samarqand viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati.
Xabarga ko‘ra, H.A. Urgut tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biriga rahbarlik qilib kelgan. U tuman hokimining qarori bilan uzoq muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 0,10 gektarini bir fuqaroga noqonuniy ravishda sotib yuborgan.
Qayd etilishicha, H.A. fuqaro B.B.ning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida fermer xo‘jaligi yer maydoni sotilmasligini bilib turib, ularni aldab, Urgut tumanida joylashgan fermer xo‘jaligiga tuman hokimligi tomonidan ijaraga ajratilgan yer maydonidan 10 sotix bo‘lgan yer maydonini kelgusida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish sharti bilan 1700 AQSh dollariga baholab, noqonuniy ravishda sotgan.
Urgut tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari H.A. B.B.ga tegishli bo‘lgan 1000 AQSh dollari miqdoridagi pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan. H.A. “kelishilgan” summaning qolgan qismi - 700 AQSh dollarini B.B.dan olayotgan vaqtda departamentning Urgut tumani bo‘limi va Davlat xavfsizligi xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.