Ijtimoiy karta ham hujjat, ham to‘lov vositasi bo‘ladi
“Ijtimoiy davlat” tamoyili o‘z-o‘zidan qaror topmaydi. Unga erishishning talab va majburiyatlari borki, bugun davlatimizda ayni sohada katta islohotlar amalga oshirilyapti. Ijtimoiy himoya tizimini raqamlashtirish, ijtimoiy xizmatlar turi va sifatini oshirish chora-tadbirlari shular jumlasidan.
Prezidentning 2024 yil 18 iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq joriy etilgan "Ijtimoiy karta" axborot tizimi ham ayni yo‘nalishdagi muhim yangilik hisoblanadi. Bu jarayonda ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholashni bosqichma-bosqich avtomatlashtirish belgilangan.
Ijtimoiy karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham fuqaroning ehtiyojmand toifaga mansubligi tasdig‘i hisoblanadi. Uning joriy etilishi natijasida 72 turdagi ijtimoiy xizmat, 76 turdagi yordam va 200 ga yaqin imtiyozlar yagona elektron tizimda umumlashtiriladi. Qog‘oz shaklidagi hujjatlar bekor qilinib, vaqt va mablag‘ tejaladi. Soha to‘liq raqamlashtirilishi orqali har bir oilaning ehtiyojlari va imkoniyatlarini aks ettiradigan “ijtimoiy-raqamli pasport” joriy etiladi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini to‘liq raqamlashtirish maqsadida 2024 yilning 27 dekabrida Vazirlar Mahkamasining 897-son qarori qabul qilindi. Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy kartasi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, "Ijtimoiy karta" AT ma’lumotlar bazasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan fuqarolar va davlat organlari taqdim etgan ma’lumotlar, shu jumladan biometrik ma’lumotlar asosida shakllantiriladi va yuritiladi. Ijtimoiy kartani moliyaviy agent sifatida ishtirok etuvchi respublikaning rezident tijorat banklari taqdim etadi.
Ijtimoiy kartani berish va undan foydalanish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, "Ijtimoiy karta" mobil ilovasi, "Inson" ijtimoiy xizmat markazlari hamda moliyaviy agentlar orqali topshirilishi mumkin.
Shuhrat ABDUXALIMOV,
viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.