“Ijtimoiy tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021 yil 22 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha Nizomga asosan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan tanlov e’lon qilinadi.
Ko‘rik-tanlovda ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda yuqori natijalarga erishgan, jamiyat rivoji uchun tashabbus ko‘rsatayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan, jumladan, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy soha muassasalari infratuzilmasini yaxshilashda faol ishtirok etgan tuman (shahar) hokimliklari, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat tashkilotlar, tadbirkorlik sub’yektlari, jismoniy shaxslar qatnashishi mumkin.
Ko‘rik-tanlov quyidagi 3 ta bosqichda tashkil etiladi:
Birinchi bosqich – tuman (shahar) miqyosida iyul-avgust oylarida;
Ikkinchi bosqich – viloyatlar miqyosida (birinchi bosqich g‘oliblari o‘rtasida) sentyabr-oktyabr oylarida;
Uchinchi bosqich – respublika (ikkinchi bosqich g‘oliblari o‘rtasida) noyabr oyida;
Tanlov o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad quyidagilardan iborat:
hududlarda ijtimoiy masalalarni muvaffaqiyatli hal etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda ijtimoiy tashabbuskorlikni rivojlantirish;
ijtimoiy tashabbuslar orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash;
ijtimoiy tashabbus yordamida hududdagi ijtimoiy soha muassasalari infratuzilmasini yaxshilash;
mamlakatimizda ijtimoiy tashabbuskorlikka erishish masalalariga jamoatchilik e’tiborini keng jalb etish;
ijtimoiy tashabbus ko‘rsatgan ishtirokchilarning ilg‘or tajribasini aniqlash, umumlashtirish va targ‘ib qilish.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruv organi”
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti”
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik sub’yekti”
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro”
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik” (ikkinchi va uchinchi bosqichlarda).
Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlar tanlov e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 kun mobaynida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi kotibiyatlari nomiga ariza beradilar.
Ishtirokchilar taqdim etilgan arizalariga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
- ishtirokchilar to‘g‘risidagi umumiy ma’lumot
- Nizomning 6-bandiga asosan ijtimoiy tashabbus doirasida olib borilgan faoliyatiga oid materiallar (ma’lumotlar, hisobotlar, bayonnomalar, dasturlar, loyihalar, albomlar, 15x20 sm o‘lchamdagi fotosuratlar va hokazolar);
- ijtimoiy tashabbusni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni aks ettiruvchi 5 daqiqadan oshmagan videorolik (sifati yuqori, HDformatida);
- ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy tashabbusni yoritishga oid chop etilgan maqolalar, televideniye yoki radiodagi chiqishlarni asoslovchi hujjatlar.
Ishtirokchilar tanlovga doir boshqa qo‘shimcha materiallar ham taqdim etishlari mumkin.
Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlarning hujjatlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi kotibiyatlari tomonidan joriy yil 1 avgustga qadar qabul qilinadi.
Tanlov haqida batafsil ma’lumot olish uchun telefonlar:
71-238-27-15, 71-238-27-08, telegram -93-561-61-05.
G‘olib deb topilgan ishtirokchilar I, II, III darajali diplomlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Vazirlar Mahkamasi, hamkor tashkilotlar hamda homiylarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar!