Ikki yilda 265 ta davlat aktivi xususiylashtiriladi
Auksion orqali bino xarid qilish, ijaraga olish va sarmoya kiritish bilan mulkka egalik qilish bugungi bozor iqtisodiyotining talabi. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi vakolatli davlat organi sifatida yagona davlat siyosatini yurituvchi Davlat aktivlarini boshqarish agentli viloyat hududiy boshqarmasi 2023 yilda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida OAV vakillariga ma’lumot berdi.
Ya’ni, o‘tgan yilda birgina xususiylashtirish yo‘nalishida 133 ta (shundan 121 tasi davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari hamda 12 tasi aksiya paket va davlat ulushlari) davlat aktivlari ommaviy savdolarga chiqarilgan, shundan 63 tasi 100,7 milliard so‘m xarid qiymatida sotilgan. 2024 yilda 132 ta davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash, ularni ommaviy savdolarga chiqarish hamda ushbu aktivlarni sotishdan va o‘tgan yillardagi shartnomalardan 177,4 milliard so‘m tushumni ta’minlash rejalashtirilgan. Buning uchun yil boshidan 6 ta ko‘chmas mulk ob’yekti 1,2 milliard so‘m xarid qiymatida sotilgan hamda bugungi kunda ommaviy savdolarda 196,9 milliard so‘m boshlang‘ich narxda bo‘lgan 67 ta davlat aktivlari bo‘yicha ommaviy savdolar davom ettirilmoqda.
- O‘tgan yili davlat mulkini sotishdan byudjetga 66,4 milliard so‘m tushum tushdi, shundan 14,4 million so‘m tuman va shahar byudjetlariga o‘tkazib berildi, - deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentli viloyat hududiy boshqarmasi o‘rinbosari Abdulaziz Sattorov. - Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk va ijara huquqi asosida sotishdan 65,2 milliard so‘m tushum bo‘lgan va shundan 50,2 milliard so‘mi viloyat va tuman (shahar) byudjetlariga o‘tkazib berildi.
Viloyatda 112 ta davlat ishtirokidagi korxonadan 13 tasi (“Kattaqo‘rg‘on shahar sharob savdo” MChJ, “Ingichka metals” MChJ, “Ohalik Lomann parranda” AJ QK kabilar) faoliyatsiz va tugatish jarayonida. Iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ular faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha olib borilmoqda. Bu borada o‘tgan davrda 155 ta korxonadan 114 tasi davlat ro‘yxatidan chiqarilgan, 9 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan. Shuningdek, 2023 yilda bankrot deb topilgan korxonalardan 309 tasi davlat ro‘yxatidan chiqarilgan, 32 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan (jami 464 ta tugatilgan).
O‘ktam Xudoyberdiyev.