Sobiq MXX binosi sotuvga qo‘yildi

Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining “Markaziy binosi” ommaviy savdolarga chiqarildi.

Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan “Markaziy bino” hududi bo‘yicha ommaviy savdo jarayonlari boshlangan. Davlat aktivini sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan saralanadi, jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, garov (zaklad) puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Savdoda yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Bunda davlat aktivini sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar o‘tkazilmagan deb e’tirof etiladi.

Qayd etilishicha, ushbu binodan kelgusida ofis, savdo, savdo-ko‘ngilochar, madaniy-hordiq, sport, turistik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish faoliyati yo‘nalishlaridan biri yoki bir nechtasini amalga oshirilishi talab etiladi.