Samarqanddagi xo‘jalik jamiyatlari davlat ulushi uchun 9 milliard so‘m dividend hisobladi

Bugungi kunda Samarqand viloyatida davlat ishtirokidagi 223 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning 10 tasi aksiyadorlik jamiyati, 25 tasi mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda 128 tasi davlat unitar korxonalaridir.

Viloyatdagi 24 ta (9 ta aksiyadorlik jamiyati, 15 ta mas’uliyati cheklangan jamiyati) xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi aksiyalar paketi (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan boshqarilmoqda. Ushbu korxonalardan 1 tasi bankrot, deb topilgan, 2 tasi faoliyat ko‘rsatmaydi.

Faoliyat ko‘rsatayotgan 21 ta xo‘jalik jamiyatlari faoliyatiga korporativ boshqaruv tamoyillari joriy etilishi natijasida 2019 yilda davlat ulushiga jami 9 milliard 40 million so‘m dividend hisoblangan. Soliqlarni inobatga olmaganda, davlat ulushiga to‘lanadigan dividend to‘lovlari miqdori 8 milliard 588 million so‘mni tashkil etib, bugungi kun holatiga 8 milliard 261 million 130 ming so‘m miqdoridagi dividend to‘lovlari davlat byudjetiga to‘langan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan seminarda shu kabi ma’lumotlar qayd etildi. Viloyatdagi davlat ishtirokidagi korxonalar mutasaddilari hamda hamkor tashkilotlar vakillariga korxonalar faoliyat samaradorligini oshirishda zamonaviy korporativ boshqaruv uslublari va metodlarini joriy qilish hamda amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

– Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyat samaradorligini oshirish boshqaruvga alohida yondashuvni talab qilmoqda, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulaziz Sattorov. – Shu bois bugungi tadbirda korporativ boshqaruv tizimining muhim jihatlarini amaliyotga joriy etishning afzalliklarini tushuntirib berishga harakat qildik. Korporativ boshqaruv – bu kompaniya menejerlari va egalari (aksiyadorlari, ishtirokchilari) o‘rtasida kompaniya faoliyati samaradorligini ta’minlash va uning egalari, shuningdek, boshqa manfaatdor tomonlarning (kreditorlar, hamkorlar, mijozlar, kompaniya personali va boshqalar) manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash borasidagi o‘zaro munosabatlar tizimini tashkil qiladi. Davlat korxonalari, shuningdek, xo‘jalik boshqaruv organlari muassisi hisoblanadigan unitar korxonalarda muassis tomonidan tashkilotning keyingi yil uchun biznes rejasi har yili 1 dekabrgacha tasdiqlanishi va uning bajarilishi to‘g‘risida tashkilot ijro etuvchi organi hisoboti har chorakda eshitib borilishi to‘g‘risidagi tartib o‘rnatilgan.

Seminarda hamkor tashkilotlar vakillari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar mutasaddilari mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ayni jarayondagi mavjud muammolar, tushunmovchiliklar yuzasidan atrofilicha fikr almashindi.