Davlat aktivlari sotuvi: qaysi ob’yekt, qay tartibda tanlovga qo‘yiladi?
Ko‘pchilik tadbirkor bo‘lishni istaydi, ammo buning uchun avvalo, bino, keyin yer lozim. Ishbilarmonlikni ixtiyor etganlarni eng ko‘p qiynaydigan masala ham aslida shu ikki vosita hisoblanadi. Bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini ijaraga berish yoki xususiylashtirish tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda eksportbop tovarlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda inson omili ishtirokisiz ochiq auksion savdolari o‘tkazish shaffoflikni ta’minlaydi.
Xo‘sh, qaysi ob’yektlar va qay yo‘sinda tanlovga qo‘yiladi?
Bu savolga javob asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Mahmaraimov fikr yuritdi.
- Bu borada davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 yanvardagi “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki ob’yektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan, - dedi S.Mahmaraimov. - Birinchi bosqichda bo‘sh turgan davlat aktivlari mazkur farmon va hukumatning tegishli qarorlari talablariga asosan qurilish osti maydoni 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan ob’yektlar xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori asosida xususiylashtiriladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa bunday binolarni “E-auksion” elektron savdo maydonchasiga chiqaradi.
Misol uchun, hududiy boshqarmamiz tomonidan 2021 yilda viloyatdagi 68 ta davlat aktivi 95,4 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan ommaviy savdolarga chiqarildi va shundan 47 tasi 70,9 milliard so‘mga sotildi.
Jumladan, “Kattaqo‘rg‘on shahar stomatologiya” MChJdagi 100 foiz davlat ulushi 2,6 milliard so‘mga, “Kattaqo‘rg‘on yo‘l qurilish-ta’mirlash ” MChJga tegishli bo‘sh turgan bino-inshootlar 1,2 milliard so‘mga xususiy sektorga sotildi.
2021 yilda “O‘zqishloqelektrqurilish”AJ ustav fondidagi 34,9 foiz davlat aksiya paketi 20 milliard so‘mga, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” ustav fondidagi 64,9 foiz davlat aksiya paketi 37,2 milliard so‘mga xususiy sektorga o‘tkazildi.
Joriy yil boshidagi holatga qaraydigan bo‘lsak, jami 21 ta davlat mulki ob’yekti (14 tasi ko‘chmas mulk ob’yekti, 7 tasi ulush (aksiya)lar) 24,36 milliard so‘m boshlang‘ich narxda ommaviy savdolarga chiqarilgandi. 2022 yil 25 mart kuniga qadar 3 ta ob’yekt, (“SAMARQANDNUR” MChJning to‘liq davlat ulushi 725,7 million so‘mga, “Gulobod tongi gazetasi”ning 100 foiz davlat ulushi 257,8 million so‘mga va “Omuxta yem sotish shoxobchasi” binosi 333,8 million so‘mga) jami 1 milliard 317 million so‘mga sotildi.
Joriy yil boshidan 3 ta davlat aktivi (“NOSHIR LUX” MChJ ustav fondidagi 16,6 foiz davlat ulushi 239,5 million so‘m, viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” MChJ ustav fondidagi to‘liq davlat ulushi 405,5 million so‘m hamda “AVTOTRANS URGUT” MChJ ustav fondidagi 100 foiz davlat ulushi 1 740,2 million so‘m) jami 2 milliard 385,3 million so‘m boshlang‘ich narxda ommaviy savdolarga chiqarilgan.
Bugungi kunda boshlang‘ich narxi 25 milliard 516 million so‘m bo‘lgan 21 ta davlat aktivi ommaviy savdolarda turibdi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur ro‘yxatda viloyatimizdagi 2 ta – “UzAuto TRAILER” MChJning to‘liq davlat ulushi va “Uz Truck and bus motors” MChJ qo‘shma korxonasining 50 foiz davlat ulushi sotiladi.
Shuningdek, qarordagi sotiladigan ko‘chmas mulk ob’yektlarining to‘liq tasdiqlangan ro‘yxatida viloyatimiz bo‘yicha jami 127 ta ko‘chmas mulk ob’yekti ommaviy savdolar orqali sotiladi.
2022 yil viloyatimizda mulk huquqi asosida auksion savdolariga chiqariladigan jami 486 gektar yer uchastkasi maydoni
“E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotilishi belgilangan.