Davlat aktivini xususiylashtirishda nimalar o‘zgardi?
Yerlarni ijaraga olish yoki mulk sifatida sotib olishda nimalar muhim. Qanday toifadagi yerlar auksionga chiqariladi va kimlar chiqarishi mumkin. Auksionga chiqarish jarayonlari qanday bosqichlardan o‘tadi? Ijaraga olingan yerda tadbirkorlik uchun bino qurib, keyinchalik yerni xususiylashtirish mumkinmi?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-turda shu kabi savollarga javob berildi.
Soha xodimlari ishini muvofiqlashtirish va lotlarni elektron auksionga taqdim etish uchun viloyat qurilish bosh boshqarmasi va kadastr agentligi viloyat hududiy boshqarmasida shtablar tashkil etilgan. Jurnalist va blogerlar kadastr agentligida tashkil etilgan shtab faoliyati va auksion o‘tkazish, lotlarni tanlash, xarid qilish jarayonlari bilan tanishtirildi.
- Yer Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari tomonidan davlat ro‘yxatiga olgandan so‘ng tuman, shahar hokimliklari yer maydonini mulk yoki ijara huquqi asosida berilishini tasdiqlaydi, - deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ahror Fayziyev. – Yer mulk sifatida sotilayotganda soliq organlari tomonidan boshlang‘ich narx belgilanadi, ijara asosidagi yerlar uchun davlat aktivlari boshqarmasi tomonidan narx belgilanadi va auksionga chiqariladi. Ahamiyatli tomoni, yerlar avval faqat ijara asosida chiqarilardi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bilan yerni mulk sifatida umrbod egalikka berish mumkin bo‘ldi. Bu fuqaroga yerni garov sifatida qo‘yish va sotish imkonini beradi.
Shu o‘rinda bir masalaga oydinlik kiritib o‘tsak. Yerlarni auksionga chiqarishda hududning bosh rejasi tayyorlangan bo‘lsa yer mulk sifatida, agarda bosh rejasi bo‘lmagan hududdagi yer faqat ijara asosida realizatsiya qilinadi. Fuqaro tadbirkorlik maqsadida ijara asosidagi yer uchun auksionda g‘olib bo‘ldi, bino qurdi lekin mulk o‘zini emas. Bunday holda ijara bekor bo‘lib, bino buzilishga tushishi ham mumkinmi, degan savollar ko‘p uchramoqda. Shuni aytib o‘tish lozimki, bo‘sh yer uchun mulk huquqi berilmaydi, qachonki yerni olgan tadbirkor bino qurgach yana murojaat qiladi va unga o‘sha yer mulk huquqi asosida beriladi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari Jomboy tumanidagi sobiq ipak qurti boqish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bino-inshootlarining ye-auksion elektron savdo platformasi orqali sotilishi va hozirgi holati bilan tanishdilar.
- “RENT SERVICE GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ko‘rgazma pavilonlari tashkil etish loyihasi asosida auksionda qatnashib shu joyni yutib oldik, - deydi jamiyat direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Botir Ibragimov. – Ikki yildan ortiqroq davom etgan qurilish ishlaridan so‘ng joriy yil mart oyida ochilish marosimi bo‘ldi va shu kungacha uchta yirik ko‘rgazma o‘tkazildi. Yana ikkita yirik ko‘rgazma o‘tkazish arafasidamiz. Ko‘rgazma pavilonimizda 5 ming kvadrat metrdan ochiq va yopiq maydonlarimiz bo‘lsa, 2023-2025 yillarda qo‘shimcha 10 ming kvadrat metr yopiq pavilon qurishni rejealashtirganmiz. Hozirda 60 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ushbu loyiha amalga oshgach ish o‘rinlari 100 dan ortishi rejalashtirilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.