Samarqandda respublika “Kitobxonlik festivali” bo‘lib o‘tdi

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi viloyat bolalar kutubxonasi mas’ulligida tashkil etilgan festivalda ijodkorlar, kitobxon yoshlar, ustoz-murabbiylar, barcha viloyatlardan kutubxona rahbarlari qatnashdi.
- 2019 yildan beri respublika “Kitobxonlik festivali” har yili bitta viloyatda o‘tkaziladi, - dedi viloyat bolalar kutubxonasi direktori Gulbahor Sharipova. – Bu yil navbat Samarqand viloyatiga keldi. Biz avgust, sentyabr oylarida viloyatdagi 1273 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari, kutubxonachilar, kitobxon oilalar o‘rtasida 5 ta ko‘rik-tanlov o‘tkazdik. Masalan, “Ertakchi bolajon” tanlovining maktab bosqichida 7200 nafar, shahar, tuman bosqichida 1260 nafar, viloyat bosqichida 16 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Shuningdek, “Eng faol kitobxon o‘quvchi”, “Ijodkor bolalar”, “Kitobxon oila”, “Yilning eng yaxshi kutubxonachisi” ko‘rik-tanlovlarini tashkil etdik. Bunday tadbirlar o‘quvchi-yoshlar qalbida kitobga bo‘lgan qiziqish, mehrni oshiradi.
Bundan tashqari, maktab kutubxonalarida “Ochiq eshiklar kuni”, “Kitob sovg‘a qil, ma’naviyat ulash” kitob aksiyalari, viktorina va kitobxonlik tadbirlari tashkil qilindi.
Festival doirasida “Kitobxonlik haftaligi”, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, konferensiyalar, maktab kutubxonachilari uchun o‘quv-seminarlar, kitob ko‘rgazmalari, davra suhbatlari, sayillar, konsertlar va boshqa tadbirlar tashkil etildi.
Respublika “Kitobxonlik festivali”da beshta tanlovning 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari, 8 nafar nominatsiya sovrindorlari hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishda hamkorlik qilgan tuman, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Masalan, “Ertakchi bolajon” tanlovida Kattaqo‘rg‘on shahar 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Mashhura Rahmonova 1-o‘ringa munosib deb topildi. “Eng faol kitobxon o‘quvchi” tanlovida 1-o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahar 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Odinaxon Ikromiddinova qo‘lga kiritdi.
“Ijodkor bolalar” tanlovida 1-o‘rinni Samarqand shahar 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Parizoda Tohirova egalladi. “Kitobxon oila” tanlovida 1-o‘rin Ishtixon tumani 59-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Boburjon Shovqiyev va otasi Toshturdi Tursunovlarga nasib etdi.
“Yilning eng yaxshi kutubxonachisi” tanlovida Ishtixon tumani 76-umumiy o‘rta ta’lim maktabi kutubxonachisi Sohiba Rabbimova g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, “Eng yaxshi nutq sohibi”, “Eng yaxshi ertak ijrochisi”, “Eng zukko o‘quvchi”, “Eng ziyrak o‘quvchi”, “Eng jozibali she’r sohibi”, “Eng yorqin iste’dod sohibi” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.
Tadbir yakunida “Kitobxonlik festivali” estafetasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar kutubxonasiga topshirildi.
Xurshida ERNAZAROVA.