Samarqanddagi Motrid aylanma yo‘li oldida yangi avtostansiya ish boshladi

Har kuni Payariq, Ishtixon, Oqdaryo va Qo‘shrabot tumanlaridan kelayotgan 20-25 mingga yaqin yo‘lovchi Samarqand shahrining Dahbed-Rudakiy ko‘chalari chorrahasiga kelib, shahar ichidagi yo‘nalishlarda qatnovchi jamoat transportida harakatini davom ettiradi. Ammo yo‘lovchilar mazkur chorrahada transport vositalarining ko‘pligidan soatlab tirbandlikda qolib ketishadi.

Endilikda Samarqand shahriga kelayotgan yo‘lovchilar Samarqand tumanidagi O‘zbekkenti mahallasida joylashgan Motrid aylanma yo‘li oldidagi yangi avtostansiyaga tushadigan bo‘ldi. "Urgut avto servis" MChJ tomonidan 2,5 gektar maydonda barpo etilgan yangi avtostansiyada bir vaqtning o‘zida 40 dan ziyod jamoat transporti to‘xtashi mumkin.

Shuningdek, 20, 27, 8, 219 raqamli yo‘nalishlardagi avtobuslar yo‘lovchilarini olib, shahar tomon harakatlanmoqda. Avtostansiyadan yo‘lovchilarni o‘z vaqtida olib ketishini ta’minlash maqsadida viloyat transport boshqarmasi tomonidan yangi “Dahbed ko‘chasi – Motrid avtostansiyasi” yo‘nalishi tashkil etildi.

- Endi tumanlardan kelayotgan jamoat transporti shahar ichkarisiga kirishi shart bo‘lmay qoldi, - deydi yangi yo‘nalish avtobusi haydovchisi Ro‘ziboy Yusupov. – Kelayotgan yo‘lovchilarni muntazam o‘z manzillariga, o‘z uylariga qaytayotganlarni ham shu yangi avtovokzalga olib kelyapmiz. Hozircha odamlar kam, chunki hali ko‘pchilik bu yerga o‘rganmagan. Lekin tez orada barcha yo‘lovchilar xavfsiz va qulay bo‘lgan yo‘nalishlardan foydalanadi.

Yana bir qulay tomoni, Motrid aylanma yo‘lidan o‘tadigan barcha yo‘nalishlardagi jamoat transporti avtovokzalga kirib, yo‘lovchi olib ketmoqda. 

- Kechqurun uyga qaytishda Dahbed ko‘chasida soatlab transport kutardik, - deydi Samarqand ixtisoslashgan san’at maktabi o‘quvchisi Ahadjon Mardonov. - Endi avtobuslar to‘g‘ri shu yerga kelmoqda. Bu yerda ham tumanlarga qatnovchi taksi va avtobuslar kutib turibdi. Ham vaqtingizni, ham pulingizni tejaysiz, bu bizga ma’qul bo‘ldi.      

Yangi avtovokzalda yo‘lovchilar va haydovchilar uchun zarur qulayliklar yaratilyapti. Tez kunlarda oshxona, hojatxona va boshqa savdo do‘konlari ham o‘z faoliyatini boshlaydi.

Dilmurod To‘xtayev,

Baxtiyor Mustanov.