Aksiyadorlik jamiyatlari 2021 yildan MHXS tizimiga o‘tishi shart
Prezidentimizning 2020 yil 24 fevraldagi “Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan aksiyadorlik jamiyatlari moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHHS)ga o‘tadi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bu bo‘yicha yangi talablarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari 2021 yil 1 yanvardan boshlab, MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi va moliyaviy hisobotni shu asosda tayyorlaydi. 2021 yil yakuniga qadar hisobchilarni xalqaro sertifikatlash doirasida «MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot» fanini muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risida hujjatga yoxud “CIPA”, “ASSA”, “SRA” va “DipIFR” sertifikatlaridan biriga ega kamida uch nafar mutaxassis miqdorida MHXSni sifatli qo‘llash uchun yetarli bo‘lgan buxgalteriya xizmati xodimlari bilan ta’minlashi lozim.
Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyatlari har yili hisobchilarning malakasini talab etiladigan darajada oshirishi, MHXS asosida tuzilgan moliyaviy hisobotning tegishli sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan imzolanishi, sertifikatlangan xodimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish tizimini joriy etishi lozim.
Norboy JO‘LMATOV,
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i.