Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 98 yoshida tug‘ilganlik guvohnomasini oldi
9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshchiligida Urgut tuman davlat xizmatlari markazi hamda 1-son FHDYo bo‘limi xodimlari Ispanza qishlog‘ida yashovchi, 98 yoshli Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bo‘ron bobo Gadoyevning xonadonida bo‘lishdi. Faxriy otaxon va oila a’zolariga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatishdi.
Jumladan, qariyb yuz yoshni qoralayotgan otaxonni shu paytga qadar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘qligi aniqlanib, tashrif chog‘ida ushbu hujjat Urgut tuman 1-son FHDYo mudirasi Xurshida Doniyorova boshchiligida shu yerning o‘zida rasmiylashtirilib berildi.
Shuningdek, ko‘pni ko‘rgan otaxon suhbat chog‘ida pensiya miqdori to‘g‘risida ma’lumotnoma kerakligini bildirdi. Markaz xodimlari qisqa fursatda ushbu murojaatni ro‘yxatga olib, bir necha soniyalarda ma’lumotnomani taqdim etishdi. Urush dahshatlarini ko‘rgan otaxonning oila a’zolari xonadon kadastr hujjatlarida muammolar borligini aytishib, mazkur masalada yordam so‘radi. Shu kuni ushbu masalaga ijobiy yechim topish maqsadida tuman hokimligiga xat chiqarildi.
Besh farzandni uyli-joyli qilgan otaxon 24 nabira, 80 evara, 10 dan ortiq chevaralar ardog‘ida bugungi kunlarga shukronalar aytib, biz bilan yonma-yon umrguzaronlik qilmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi
axborot xizmati.