Insonga kim e’tibor berishi kerak?

2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berildi. Bu mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning markazida turibdi. Bu siyosat faqat shu yilda bo‘lmaydi, balki u doimiy ravishda davom etadi.

Avvalo, e’tibor so‘zining mazmun mohiyatiga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Bu so‘z “O‘zbek tilining besh jildlik izohli lug‘ati”da (5-jild. – 66-bet) arab tilidan olingan bo‘lib, “hurmat, izzat-ikrom; hisobga, nazarga olish; obro‘, nufuz”, degan ma’nolarni anglatadi.

Navbatdagi masala, «Insonga kim e’tibor qilish kerak?», degan savolning javobini topishda. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bizning “bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz” hammasi insonlardan iborat. Hammasiga e’tibor qaratiladi, birorta fuqaro chetda qolmaydi.

Yana bir muhim jihat: Prezident aytdi, endi bizga davlat e’tibor qilish kerak, deb davlatning e’tiborini kutib o‘tirmaslik kerak. Hammamiz shu davlat fuqarolarimiz. Demak, birortamiz e’tibordan chetda qolmaymiz va mos ravishda har birimiz ham bu siyosatga befarq bo‘lishlikka, o‘zimizdan tortib hammaga, jamiyatga e’tibor qilmaslikka haqimiz yo‘q.

“Insonga kim e’tibor berishi kerak?”, degan savolga quyidagicha javob bo‘lish mumkin: birinchidan, har bir inson o‘ziga e’tibor qaratishi lozim. “Men kimman? Nimalar bilan shug‘ullanishim kerak? Hayotimni qanday qilsam o‘zim xor bo‘lmay yashayman va jamiyatga, birovlarga qanday foydam tegadi?”, degan savollarga har bir kishi o‘zi javob topib harakat qilishi kerak.

Ikkinchidan, har bir inson oilada ulg‘aymoqda va yashamoqda. Oilada bir-biriga e’tiborli bo‘lib, hech bir farzandga befarq bo‘lmasligi kerak. Befarqlik kayfiyatining butunlay barham topishini oilada boshlash va shakllantirish kerak. Birovga qaram bo‘lmasdan yashash tarzini ham aynan oilada singdirish lozim bo‘ladi.

Uchinchidan, hamma inson mahallada yashaydi. Mahalladoshlar bir-birini juda yaxshi biladi. Bular ham bir-biriga befarq bo‘lmasdan, agar yashash yo‘lini bilmayotganlar bo‘lsa, ularni jamoatchilik bilan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, e’tibor qilinsa, “zararkunanda” insonlar mahallada bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, nodavlat-notijorat tashkilotlari mahalla va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda har bir fuqaroga e’tiborni kuchaytirishi lozim. Bunda faqat nochor oilalar, zaif insonlarga emas, balki ilg‘or insonlarga e’tiborni qaratib, ularning ilg‘orlikka erishgan tajribalarini ommalashtirish borasida ham tegishli tadbirlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi.

Beshinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar unda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir kishining iqtisodiy-ijtimoiy ahvolidan xabardor bo‘lishi lozim. Ilg‘or xodimlardan foydalanib, ularni rag‘batlantirish, tajribalarini ommalashtirish va nochor, yordamga muhtojlariga ham e’tibor qaratib, ularni ham ilg‘orlar qatoriga olib chiqish kabi choralarini ko‘rishlari lozim.

Oltinchidan, mahalliy hokimliklar aholiga nisbatan e’tiborli bo‘lib, davlatimizda olib borilayotgan siyosatni odilona amalga oshirishi, barcha faol insonlar va tashkilotlarni “ish”ga solib, davlatning bu borada olib borayotgan odilona siyosatining amalga oshirilishiga hammaning safarbar qilishi kerak bo‘ladi.

Yettinchidan, davlat tomonidan ushbu siyosatni amalga oshirish uchun tegishli qarorlar, “yo‘l xaritalari”, chora-tadbirlar ishlab chiqib, har bir tadbirni amalga oshirish uchun mas’ullar, amalga oshirish vaqti, bajarilishini nazorat qilish mexanizmlari ham ishlab chiqilgan bo‘lishi shart.

Mana, insonga e’tibor qilishda faqat davlat emas, balki u bilan birga jami yettita sub’yekt ishtirok etar ekan. Chunki inson faqat davlatga emas, birinchi galda o‘zining kamoloti va farovonligini o‘ylaydi. Shu asnoda boshqa sub’yektlarning yaxshi bo‘lishi va jamiyatning barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Shu tufayli unga e’tibor ham har tomonlama bo‘lishi lozim.

Mamayunus Pardayev,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori.