Insonparvarlik yordami yuklangan poyezd Surxondaryo viloyatidan Dushanbe shahriga jo‘nab ketdi
Prezidentimizning topshirig‘iga muvofiq, koronavirus tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish uchun Tojikiston Respublikasiga insonparvarlik yordami jo‘natildi.
Davlatimiz rahbari nomidan yon qo‘shni va azaliy birodar tojik xalqiga yuborilgan do‘stona yordam ham ko‘z ilg‘amas ofatni bartaraf etish uchun birinchi navbatda ehtiyoj seziladigan tibbiy buyum va vositalar hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan tarkib topgan.
Yaqin do‘st tojik xalqiga yuborilgan insonparvarlik yukida epidemiyaga qarshi kurashda zarur bo‘ladigan himoya kombinezonlari va ko‘zoynaklari, suyuq natriy gipoxloridi, respiratorlar, qo‘lqop hamda pirometrlar, shuningdek, un mahsulotlari bor.
Yer sharida jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otayotgan pandemiya dunyo bo‘ylab avj olganidan buyon O‘zbekiston infeksiya tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish uchun Xitoy, Eron, Afg‘oniston va Qirg‘izistonga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatdi.