Tojikistonda 15 kishi qor ko‘chkisi qurboni bo‘ldi

Tojikistonda qor ko‘chkisi qurbonlari bir sutkada 15 nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo‘mitasi matbuot markazi xabar tarqatdi.

“15 fevral kuni respublikaning turli hududlarida sodir bo‘lgan qor ko‘chkilari natijasida jabrlanganlar soni 15 nafarga yetdi”, deyiladi matbuot markazi xabarida.

Avvalroq 14 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Xorug‘ shahri va Vanj tumanida 14 kishi, Dushanbe-Varzob avtomobil yo‘lining 65-kilometrida yana bir kishi halok bo‘lgan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xorug‘ shahrida 12 kishi jabrlangan, to‘rtta uy butunlay vayron bo‘lgan, 35 ta uy va beshta maishiy ob’yekt qisman zarar ko‘rgan. Favqulodda vaziyatlar komissiyasi zararni aniqlamoqda.