Samarqanddan Tojikistonga 60 million dollarlik mahsulot eksport qilindi
O‘zbekiston va Tojikiston. Ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq vakillari azaldan ahil-inoq, yaqin qo‘shnichilikda yashab kelgan. Keyingi yillarda bunday aloqalar yanada mustahkamlanib, iqtisodiy hamkorlik kuchaymoqda.
Hozirda viloyatimizda Tojikiston kompaniyalari kapitali ishtirokida 7 ta qo‘shma korxona, 6 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, Urgut tumanida “DIAMOND PETROL” va “EVRO CASINGS” qo‘shma korxonalari savdo xizmati, Toyloq tumanida “SOCHAK EXPORT ENTERPRISES” mas’uliyati cheklangan jamiyati oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va Payariq tumanidagi “AVICENNA INTERNATIONAL GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyati tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Bundan tashqari, 2023 yilda viloyatimizda 1 ta investitsiya loyihasi doirasida Tojikiston davlatidan 2,6 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.
- Davlatimiz rahbarining sa’y-harakati bilan qo‘shni davlatlar o‘rtasida hamkorlik kuchaydi, chegaralar ochildi, hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, - deydi Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Haydar O‘roqov. – Bu, albatta, tadbirkorlarga katta imkoniyat yaratdi, yangi bozorlar ochib berdi. Shu imkoniyatdan foydalanib biz ham 2018 yilda Tojikistonning Dushanbe va Xo‘jand viloyatlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kirishdik. Ularga har chorakda 1,5 million dollarlik naslli jo‘ja va parranda ozuqasi eksport qilamiz. Hamkorlikni yanada kengaytirish va davom ettirish, istiqbolda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur ishlar olib boryapmiz.
2023 yilda viloyatimizning Tojikiston bilan tovar aylanmasi 70 million dollarni tashkil etib, 59,9 million dollarlik eksport hamda 10,1 million dollarlik import amalga oshirildi. Tojikistonga eksport mahsulotlari asosan hayvonlar uchun ozuqa, matolar, metall buyumlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.