2024 yilda Samarqand viloyati hamda Fransiya o‘rtasida tovar aylanmasi 15,4 million AQSh dollarini tashkil etgan

Amir Temur davrida Samarqand va Fransiya o‘rtasida aloqalar o‘rnatilgan. O‘sha paytdan buyon orada bir qancha tanaffuslar bilan ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy-tibbiy loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

Ikki davlat do‘stlik rishtalarini mustahkamlash uchun 1998 yilda Samarqand va Fransiyaning Lion shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.

 Bugungi kunda viloyatimizda Fransiya kompaniyalarining kapitali ishtirokida 2 ta qo‘shma korxona va 1 ta xorijiy korxona mehmonxona, savdo xizmati va qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda.

2024 yil yakuni bilan viloyatimiz hamda Fransiya o‘rtasida tovar aylanmasi 15,4 million AQSh dollarini tashkil etdi, (eksport 487,5 ming AQSh dollari va import 14,9 million dollar).

Fransiyaga asosan kiyim-kechak, ichimliklar, sintetik va jun tolalar, mayiz va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yil 1-2 noyabr kunlari yurtimizga rasmiy tashrifi chog‘ida Samarqand shahrida Fransuz alyansining filiali ochilgan edi.

Hozirgi kunda Samarqand va Fransiyaning Nitsa shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi axborot xizmati.