Fransiyada tartibsizliklar: “Hammasini to‘samiz” shiori ostida keng ko‘lamli norozilik namoyishlari

Kecha ertalab Fransiyaning turli shaharlarida «Bloquons Tout» (“Hammasini to‘samiz”) harakati tashabbusi bilan hukumat almashishi fonida iqtisodiy siyosatga qarshi yo‘naltirilgan ommaviy aksiyalar avj oldi. Parijda namoyishchilar chiqindilarni yoqishsa, Marselda ko‘chalarni to‘sib qo‘yishdi, poyezd harakatlari to‘xtatildi. So‘ngra namoyishchilar Parijdagi Lion vokzalini egallab olishgan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlab shaxslar qo‘lga olingan, butun mamlakat bo‘ylab minglab xavfsizlik kuchlari safarbar etilgan.
Fransiyada siyosiy inqiroz chuqurlashmoqda:
yangi Bosh vazir tayinlandi
Fransiyadagi namoyishlar siyosiy vaziyatni yumshatishi amrimahol: ikki kun avval parlament Bosh vazir Fransua Bayruga ishonchsizlik votumi bildirib, uni iste’foga chiqarishga majbur qildi. Seshanba kuni prezident Emmanuel Makron so‘nggi ikki yil ichida beshinchi Bosh vazirni tayinladi — bu lavozimga 39 yoshli Sebasten Lekornyu keldi.
Makronning yaqin ittifoqchisi hisoblangan Lekornyu so‘nggi uch yil mobaynida u mudofaa vaziri vazifasini bajarib, Fransiyaning Rossiya–Ukraina urushiga munosabatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratgan. Uning asosiy vazifasi oldingi Bosh vazir Bayru yecholmagan masala — Fransiya davlat qarzini qisqartirishga qaratilgan. Yil boshiga kelib, qarz miqdori 3,3 trln yevroni tashkil etgan. Bayru byudjetni 44 mlrd yevroga qisqartirish va ikki umummilliy bayram kunlarini bekor qilish taklifini ilgari surgandi. Biroq bu tashabbusga parlamentdagilar qarshilik ko‘rsatdi. Bayru hukumatga ishonch ovozini berishga chaqirdi va natijada mag‘lub bo‘ldi.
Yangi bosh vazir - Lekornu tayinlanishiga markazchilar ijobiy munosabat bildirishdi. Biroq radikal chap qanot «Nepokor Faronsa» harakati yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon bu qarordan qoniqmaganini bildirib, hech qanday o‘zgarish bo‘lmagani va Makronning o‘zi prezidentlikdan ketishi kerakligini aytdi. Uning partiyasi parlamentda yangi hukumatga ishonchsizlik masalasini ko‘tarmoqchi.
G.Xoldorova tayyorladi.