Samarqandda Fransiya kompaniyasi ishtirokida qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalar kiritilishi kutilmoqda
Avvalroq Fransiyada o‘tgan “60-Xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi”da O‘zbekiston delegatsiya ham ishtirok etgani xabar qilingandi.
Mazkur ko‘rgazma Yevropa va Osiyo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali muloqotning davomi bo‘lib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 615 mingga yaqin soha ekspertlari, jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etdi.
Konferensiya davomida vazir Fransiyaning ilg‘or kompaniyalari va tashkilotlari bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hamda mazkur kompaniyalar tomonidan mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Chunonchi, ko‘rgazma doirasida, Fransiya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat suvereniteti vaziri Mark Feno bilan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yil 1-2 noyabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifida qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuvlar, xususan Fransiyaning “Laktalis” kompaniyasi tomonidan sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent viloyatida yangi loyihani amalga oshirish, “Quercy” kompaniyasi bilan “HD-Cold” texnologiyasini Samarqand viloyatida Fransiyaning “FASEP” kompaniyasi grant mablag‘lari hisobiga joriy etish hamda chorvachilik sohasida O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonga Fransiyaning qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini jalb qilish va ilm-fan yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.