KXShT davlatlarining mingga yaqin harbiy xizmatchisi Tojikistonda yig‘ildi

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a’zo davlatlardan mingga yaqin harbiy xizmatchi Tojikistonga “Chegara-2022” qo‘shma mashg‘ulotlariga jo‘natildi. Uning faol bosqichi bir haftadan so‘ng boshlanadi, deb xabar berdi KXShT mashg‘ulotlarining birlashgan matbuot markazi.
“Markaziy Osiyo mintaqasi jamoaviy tezkor qo‘shinlari kontingentlari qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun Tojikistonga jo‘natildi”, deyiladi xabarda.

Unda ta’kidlanishicha, KXShTning Markaziy Osiyo mintaqasiga a’zo davlatlar harbiy kontingentlarining “Chegara-2022” mashg‘ulotlari 10-21 oktyabr kunlari Tojikistonda bo‘lib o‘tadi, uning faol bosqichi 17 oktyabrdan boshlab Harbmaydon poligonida bo‘lib o‘tadi.

“Tojikistondagi o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashuvchilarning umumiy soni 1000 ga yaqin kishi bo‘lib, 300 dan ortiq harbiy va maxsus texnika, jumladan, samolyot, vertolyot va uchuvchisiz uchuv apparatlari bo‘lishi rejalashtirilgan”, deyiladi matbuot markazi bayonotida.

Mashg‘ulotlar mavzusi KXShTga a’zo davlatlar hududiga bostirib kirgan noqonuniy qurolli guruhlarni yo‘q qilish bo‘yicha jangovar harakatlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishdir.