Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada KXShT kuchlarini joylashtirishni taklif qilmoqda
Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi rahbari Baktibek Bekbolotov tinchlikni saqlash uchun Tojikiston bilan chegarada KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti)ning kichik kontingentini joylashtirishni taklif qildi.
"Yaqinda KXShT Bosh kotibi Stanislav Zas bilan uchrashdim. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida tinchlik bo‘lmaydi, dedim. Nega? Chunki qirg‘izlarning ham, tojiklarning ham o‘z haqiqati bor. Toki oramizga, deylik, o‘sha KXShTdan kichik kontingent kabi «arbitr» kelmaguncha tinchlikka erishib bo‘lmaydi”, dedi vazir bugun Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilib, tomonlar chegaraga qo‘shimcha kuch va texnikalarni tortmasligini ta’minlashi mumkin edi.
“Bu muammolar hal etilsa, siyosiy masalalarni ham hal qilish – chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilishni davom ettirish mumkin”, dedi u.
Ikki davlat o‘rtasidagi belgilanmagan hududlar vaqti-vaqti bilan to‘qnashuv zonasiga aylanadi. Tojik-qirg‘iz chegarasida oxirgi marta vaziyat 14-16 sentyabr kunlari keskinlashgan edi.
25 sentyabr kuni Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari vaziyatni tartibga solish bo‘yicha protokol imzoladilar. Unda chegaradagi mojarolarga barham berish, delimitatsiya va demarkatsiya jarayonini tezlashtirishga kelishib olishdi. Shuningdek, hujjatga ko‘ra, tomonlar mojarolar tez-tez sodir bo‘ladigan joylarda to‘rtta chegara punktlarini o‘rnatishga kelishib oldi.