O‘zbekiston — Tojikiston: Ikki davlat rahbarlari Yavon GESi qurilishini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi.
Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini yuqori baholadi va Prezidentimiz rahbarligida Samarqandda ro‘y bergan ulkan yangilanishlarni alohida qayd etdi.
Prezidentlar birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 16 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan elektrotexnika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va butun mintaqa manfaatlariga javob beruvchi loyiha - Yavan GESni barpo etish bo‘yicha ishlar boshlangani muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik faol rivojlanmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.