Intellektual mulk merosxo‘rga qanday rasmiylashtiriladi?

- Vafot etgan shaxs nomidagi mol-mulklarni merosxo‘rga rasmiylashtirishda nomoddiy ne’matlar, intellektual mulk ham nazarda tutiladimi?

A.SAMADOV, Paxtachi tumani.

- Nomoddiy ne’mat deganda intellektual faoliyat natijalari bo‘lgan huquqlar, xizmat va tijorat siriga bo‘lgan hamda shaxsiy nomulkiy huquqlar tushuniladi. Ijodiy faoliyatning aniq bir shaklda, ko‘rinishida ifoda etiladigan natijalari intellektual mulk hisoblanadi.

Shularga tenglashtirilgan jismoniy va yuridik shaxs mahsulotlari, vositalari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat belgisi va hokazo) ham intellektual faoliyat natijalari sifatida tan olinadi. Ushbu natijalarga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqlari e’tirof etiladi va uchinchi shaxsning foydalanishiga intellektual mulk egasining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.

Yuridik shaxs hisoblangan har qanday kooperativ, tijorat tashkilotlariga a’zolik huquqi, ularning faoliyatida ishtirok etish huquqi (agar qonun yoki shartnoma va nizomlarda boshqa hol belgilangan bo‘lmasa) meros tarkibiga kirmaydi. Ammo meros qoldiruvchining ulushi (pay badallari) tarkibiga kiradi.

Meros qoldiruvchi o‘zining vafotidan keyin mol-mulklarini boshqa shaxslarga berish yoki davlatga o‘tkazish haqida vasiyat qoldirgan bo‘lsa va bu mol-mulk­lar Oila kodeksining 23-moddasida belgilangan umumiy mulk­ni tashkil etsa, meros qoldiruvchining vasiyati faqatgina o‘zining ulushiga nisbatan tatbiq qilinadi.

Furqat NARZULLAYEV,

Samarqand shahar

1-son davlat notarial idorasi katta notariusi.