Mulk huquqini bekor qilish faqat sud tomonidan amalga oshiriladi

Keyingi besh yil davomida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish, mulkiy huquqlarni noqonuniy tajovuzlardan himoya qilish muammosi, ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etdi. Shu sababli bu davrda Prezident va hukumatning mulkdorlar huquqlarini kafolatlashga qaratilgan 300 dan ortiq hujjati qabul qilindi.

Jumladan, joriy yil 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan yerga bo‘lgan huquqning vujudga kelishiga asos bo‘lgan hujjatlarni bekor qilish orqali yerga bo‘lgan huquqni tugatish, mazkur hujjatlar faqat sud tomonidan bekor qilinishi, yerdan ixtiyoriy voz kechishni Hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish, yuridik shaxs tugatilishi bilan uning yeriga bo‘lgan huquqlarini bekor qilish kabi qator talab va cheklovlar bekor qilindi.

Shuningdek, turar joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirishda turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmaganlarni doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish, sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olish bekor qilindi.

Shu munosabat bilan farmonda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutildi. Ya’ni, mulkiy huquqni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali ushbu huquqni tugatish mumkin emasligi belgilandi. Agar ushbu hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin bo‘ldi.

2023 yil 1 yanvardan Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi (UZKAD) ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri va unga oid ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi hisoblanadi.

Umuman, mamlakat iqtisodiyotini har tomonlama va jadal rivojlantirish hamda davlat organlari bilan munosabatlarda xususiy mulk huquqlarining kafolatlarini ta’minlash uchun bevosita sharoitlar yaratishda kuchli turtki bo‘ladi. Qayd etilgan hujjat esa ayni shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Bahodir Qarshiyev,

viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.