Iqtisodchi minbari:Suv muammosini qanday yumshatish mumkin?
Suv muammosi yildan-yilga chuqurlashib borayotgan sharoitda O‘zbekiston uchun tejamkor texnologiyalardan boshqa muqobillar mavjud emas.
Kecha Savdo-sanoat palatasida banklar, klasterlar va shu sohaga daxldor qator idoralarning ishtirokida o‘tgan yig‘ilishga taklif etishgandi. O‘zimgayam qiziq bo‘lgani uchun chetroqdan joy olib, tomonlarning bahslarini tingladim. E’tiborlisi, bunda Savdo-sanoat palatasi o‘ziga xos mediatorlik qildi. Eshitganlarim va kuzatganlarim bo‘yicha ayrim xulosalar bilan bo‘lishsam.
Birinchidan, klasterlar suv bilan bog‘liq vaziyat tobora og‘irlashib borayotgani va paxtachilikda tomchilatib, g‘allachilikda yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tish zaruriyatini chuqur anglab turishipti. Lekin bu o‘ta xarajatli vazifa ekani motivatsiyani susaytirmoqda. Shu sababli kafillik shartnoma shartlarini kelishib olishni istashyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligiga to‘xtalib o‘tirmayman.
Ikkinchidan, banklar (bu o‘rinda asosan "Agrobank") tejamkor texnologiyalarni kreditlar hisobidan moliyalashtirishga tayyor. Lekin bu borada risklar juda baland. Bankirlar fermer va klasterlarning qarz yuki oshib borayotgani, likvidli ta’minot taklifi yo‘qligi, tejamkor texnologiyalarni joriy qiladigan sub’yektlarning ahvoli yanada og‘irlashishi mumkinligidan xavotirda. Ilgari shu maqsadda olingan kreditlarning katta qismi muddati uzaytirilgani ta’kidlandi.
Uchinchidan, tejamkor texnologiyalarni o‘rnatgan va muvaffaqiyatga erishgan yoki zararga kirgan fermerlarning bu bo‘yicha fikrlari qiziq edi. Lekin uchrashuvda fermerlarning yo ularning vakillari ishtirok etmadi.
To‘rtinchidan, mutasaddilar pozitsiyasida tejamkor texnologiyalarga o‘tishda ma’muriy-byurokratik yo‘ldan yurishga moyillik seziladi. Menimcha, eng katta xato ham shu yerda.
Nazarimda, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishda, aytaylik, quyosh panellarini o‘rnatishdagi kampaniyabozlik singari irratsionallikka yo‘l qo‘yilishi xatarlari mavjud. Umid qilamanki, Savdo-sanoat palatasi mediator o‘laroq shu ehtimoliy xatolar haqida qaror qabul qiluvchilariga batafsil ma’lumot yetkazadi.
Shaxsiy fikrim shuki, tejamkor texnologiyalarga qancha tez o‘tishni boshlasak, shuncha yaxshi. Lekin bu jarayon ixtiyoriylik, iqtisodiy samaradorlik va bozor qoidalari asosida kechishi kerak. Buning uchun asosiy motivatsiyani allaqachon eng qimmat resursga aylangan suvning real narxi belgilashi zarur. Suvning asl narxiga ro‘para kelgan klaster va fermerni tejamkor texnologiyaga o‘tishga majburlashga aslo hojat qolmaydi.
Otabek Bakirov,
iqtisodchi.